O‘zbekiston | 20:15 / 09.10.2023
7646
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aralash saylov tizimiga o‘tish masalasi muhokamasi boshlandi 

Endi deputatlar saylovi majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkazilishi mumkin. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini muhokama qildilar. 

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksi hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. 

Xususan, Saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovini aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibini kiritish taklif etilmoqda. Shunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratiladi. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanadi. 

Shuningdek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari tizimini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari sonini to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘lishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda. 

Deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilar ekan, taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar birinchi navbatda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini amaliyotga to‘g‘ri joriy etishga xizmat qilishi va bu orqali qator qonunchilik me’yorlari muvofiqlashtirilishini ta’kidlab o‘tgan. Taklif va fikr-mulohazalardan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullangan. 

Mavzuga oid