O‘zbekiston | 12:08 / 11.10.2023
13403
4 daqiqa o‘qiladi

Metrodan foydalanish bo‘yicha yangi qoidalar tasdiqlandi

Yo‘lovchilar va boshqa shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga asosan ko‘zdan kechirishdan o‘tishni rad etgan taqdirda, metropolitenga kiritilmaydi. 

Foto: Kun.uz

Hukumat qarori bilan “Metropolitenda yo‘lovchilar hamda boshqa shaxslarning bo‘lishi qoidalari” tasdiqlandi.

Metropolitenda yo‘lovchining bo‘lishi va uning yukini tashish shartnomasi tuzilgani yo‘l chiptasi orqali yoki imtiyozga hamda bepul yurish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning tegishli hujjatini ko‘rsatishi bilan tasdiqlanadi.

Yo‘lovchilar va boshqa shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga asosan yuklarini ko‘zdan kechirish uchun taqdim etadi. Bunda qidiruvdagi shaxslar deb gumon qilingan yoki ko‘zdan kechirish jarayonida o‘zini shubhali tutayotgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda shaxsiy ko‘zdan kechirilishi mumkin. Yo‘lovchilar va boshqa shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga asosan ko‘zdan kechirishdan o‘tishni rad etgan taqdirda, metropolitenga kiritilmaydi. 

Metropoliten infratuzilmasi obektlari va xavfsizlik hududlarida quyidagilar taqiqlanadi:

  • yonuvchan, portlovchi moddalardan va bosim ostida ishlovchi qurilmalardan foydalanishni talab etadigan barcha faoliyat turlari bilan shug‘ullanish va shu bilan bog‘liq ko‘ngilochar shoxobchalarni qurish hamda tashkil etish;
  • metropoliten inshootlaridan, shu jumladan, yerusti shamollatish qurilmalaridan 25 metrdan kam masofada chiqindilarni to‘plash, yoqish va gulxanlar tashkil etish;
  • gaz yonilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari (avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi bilan jihozlangan, estakada inshootlari ostidagi maxsus ochiq avtoturargohlar bundan mustasno) va yonuvchi materiallar ortilgan transport vositalarini estakada inshootlari ostiga (avtoturargohlarga) joylashtirish.

Metropolitenda quyidagilarga ruxsat etilmaydi:

  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarini iste’mol qilish yoki mast holda kirish;
  • qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalar va nosvoy chekish;
  • metropoliten hududida oyoq kiyimsiz va kiyimsiz holda bo‘lish;
  • bekatga yo‘lovchilarning kiyimi, metropoliten vagonlari, inshootlari va qurilmalarini kir qilishi mumkin bo‘lgan yuklar va buyumlar, shuningdek, velosiped (yig‘iladigandan tashqari), moped, skuter va boshqa harakatlanish vositalari bilan kirish;
  • bekat hududida, vagonlarda akrobatik va sport mashqlarini bajarish, har xil turdagi sport to‘plarini o‘ynash.

Yo‘lovchilar metropolitendan foydalanishda quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘zlari bilan birgalikda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarini, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachalarini, bolalar velosipedlarini, musiqa asboblarini, shuningdek, g‘ilofga solingan holda sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi buyumlar, chana, chang‘i va baliq ovi uchun qarmoqlarni bepul olib yurish;
  • nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan metropolitenning texnik vositalaridan (liftlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachasini ko‘taruvchi/tushiruvchi moslamalar va boshqa jihozlar) foydalanish, zaruratga ko‘ra tegishli xodimlardan yordam olish;
  • bekatlarni havaskorlik foto va videotasvirga olish;
  • o‘lchamlariga ko‘ra uchta o‘lchovi yig‘indisi bo‘yicha 200 santimetr: eni – 60 santimetr, uzunligi – 70 santimetr, balandligi – 70 santimetr bo‘lgan yuklarni bepul olib yurish.

Mavzuga oid