O‘zbekiston | 19:54 / 17.10.2023
43765
7 daqiqa o‘qiladi

“Eng yomon ssenariylarga tayyor bo‘lish kerak” - ekspertlar Qo‘shtepa kanali haqida

O‘tgan hafta, 11 oktyabr kuni Afg‘onistonda 280 km, eni 100 metr bo‘lishi kutilayotgan Qo‘shtepa kanali qurilishida 2-bosqichga start berildi.

Kun.uz muxbiri yana bir bor mavzuga qaytdi va davom etayotgan qurilish, loyiha ortidagi kuchlar, uning O‘zbekiston uchun eng oddiy va jiddiy oqibatlari, bu borada ikki tomonlama muloqotlar borishi haqida suhbat o‘tkazdi.

Suhbat mehmonlari Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov, Bolonya universiteti magistri, gidrolog Sobirjon Qodirov va siyosiy tahlilchi Suxrob Bo‘ronov bo‘ldi.

— Usmon aka, siz bilan bundan o‘n oy avval Qo‘shtepa kanali qurilishining hali birinchi bosqichi davom etayotgan kunlarda gaplashgan edik. Esimda, o‘sha suhbatda siz kanal qurilishiga to‘siq bo‘ladigan ko‘plab muammolar haqida gapirgandingiz. Ammo ko‘rdikki, “Tolibon” 10 oy ichida nafaqat muammolarni yengib o‘tib, kanalning birinchi bosqichini qurib tugatdi, balki ikkinchi bosqichga o‘tishga ham ulgurdi. Xo‘sh, ishlar bunday rivoj topishini kutganmidingiz yo qurilish siz kutmagan tarzda juda tez ketyaptimi?

Usmon Norqulov:

— Chindan ham “Tolibon” ishni juda tezlashtirib yubordi. Ishlar boshlanishidan avval kanal loyihasi uchun 4-5 yil kerak bo‘lishi aytilgandi, hisob-kitoblar ham shunga olib borardi. Lekin ular bir yildan sal oshiq vaqtda ishlarning deyarli 50 foizini bajarishdi. Ammo esdan chiqarmaslik kerakki, bu tezlashish hali kanal bitdi degani ham emas, bunda kanalning faqat o‘zani olindi. Kanal hali oddiy tuproq o‘zanda turibdi. Har qanday kanal qurilishi talablariga ko‘ra, unga qo‘shimcha bir qancha inshootlar ham bo‘lishi, qurilishi kerak. Bundan tashqari, qo‘shimcha tarmoq kanallar qazish, massivlarda yana ichki tarmoqlash qazish ishlari ham bor. Bu loyihalar haqida hali ma’lumotlar yo‘q. Lekin ishlar taxmin qilinganidan tezroq ketayotgani rost.

— Hozir shunday ma’lumotlar borki, afg‘on tomoni Qo‘shtepa kanali orqali kelgusida 600-650 ming gektardan ziyodroq maydonni sug‘orish uchun suv olishi mumkin. Ammo bir muddat avval suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Kun.uz sayti uchun intervyu berib aytdiki, undagi ma’lumotlar bo‘yicha suv 300-350 ming gektar uchun olinishi mumkin.

Olim sifatida tahlillaringiz qiziq, 300 ming gektar uchun suv olinganda Amudaryoning imkoniyati qanda-yu, 600 ming va undan ortiq maydon uchun suv olinsa, buning biz uchun oqibatlari qanday bo‘ladi?

Usmon Norqulov:

 — Ha, qurilayotgan kanal sig‘imi ancha katta. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, uning sig‘imi 600 ming gektarga yetadigan suvni bemalol o‘tkaza oladi, samarali foydalanilsa, bundan ham ko‘proq bo‘ladi.

Unda Amudaryo suvining kamida 15 foizi olinadi. Ammo kanal joylashgan sharoitdan kelib chiqsa, olinayotgan suvning katta qismi tuproqqa singib ketishi, parlanib ketishi mumkin va foydali ish koeffitsiyenti kam bo‘ladi. U yer tuproqlarining geologik xususiyatlari bizga ma’lum.

300 ming gektarga suv olinsa, nisbatan kamroq bo‘ladi. Lekin ko‘proq olinsa, Turkmanistonga, bizning daryo quyi qismida joylashgan viloyatlar va Qoraqalpog‘istonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kamida 15 foiz oladi deyapmiz, lekin shundog‘am 15 foiz atrofida suvimiz kamayib ketgan, tabiiy omillar va suvga talab kuchaygani uchun. Oqibatda faqat bizning oziq-ovqat yetishtirishimizga emas, boshqa ta’sirlarga ham ega bo‘ladi. Qaytaraman, bu kanal orqali olinadigan suv hajmining oshib borishi birinchi navbatda Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo hududlariga jiddiy salbiy ta’sir qiladi.

Sobirjon Qodirov:

 — Bu loyihaning boshlanishi biz uchun hech qanday yaxshilik alomati emas. Uzunligi deyarli 300 km, kengligi 100 metr va chuqurligi 8 metrli kanal degani bu Qo‘shtepa. Bu degani afg‘onlar kanal orqali Amudaryoning yarmidan ko‘p suvini olish mumkin degani. Amudaryoning hozirgi holatiga oddiy 50 kub suv tortadigan kanal ham salbiy ta’sir qiladi. Masalan, Turkmanistondagi Qoraqum kanali 500 kub suv oladi, u Amudaryo tarmog‘idan eng katta kanal. Turkmanistonni deyarli suv bilan ta’minlaydi. Qo‘shtepa esa undan ham katta, ya’ni 600 kub olishmoqchi. Buncha suv bilan Afg‘onistonning yarmidan ko‘pini sug‘orish mumkin. Nishablik to‘g‘ri kelsa, ketaveradi suv, yaxshiyamki hozirgi kanalda oldingi tomonlar biroz balandroq.

Oqibat haqida so‘rayapsiz, xo‘sh, uning oqibati birinchi navbatda Qashqadaryo-Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonga ta’sir qiladi. Qashqadaryodagi Qarshi magistral kanali (Talimarjonga (s.o.) quyiladi), Amu-Buxoro kanali, Surxondaryoda yana 2 ta kanal va shu kabi bizning tarmoq kanallar bor. Amudaryoda suv sathi pasaygach, bizning nasos stansiyalarga suv kelmay qoladi. Bu degani suv tortolmaydi kanallarimiz. Bunday holatda Afg‘onistonning suvi olishiga qarab, ijtimoiy, siyosiy, oziq-ovqat va boshqa masalalarda muammolarimiz paydo bo‘la boshlaydi. Xalqimizning asosiy tirikchiligi dehqonchilikdan. Bu loyihaning boshida turganlar bu narsa biz uchun qanday oqibatlarga olib kelishini juda yaxshi biladi deb o‘ylayman. Xullas, hali biz tahlil ham qilmagan, kutmagan oqibatlarga olib kelishi ham mumkin bu loyiha. Hali boshlanishi bu.

Amudaryoning o‘rtacha suv sathi 2,5 ming kub. Uning 80 foiz suvini Panj va Vaxsh daryolari beradi. Vaxsh Tojikistonda, Panj esa Afg‘oniston va Tojikiston hududida. Panj daryosi 1,3 ming kub suv beradi. Chirchiq daryosi 221 kub, Qo‘shtepa kanali shundan 3 barobar katta bo‘ladi.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Suhbatni Ilyos Safarov olib bordi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid