Jahon | 10:08 / 17.10.2023
7366
4 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston KS prezidentga impichment jarayonini boshlashga ruxsat berdi

Gurjiston Konstitutsiyaviy sudi hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining taqdimnomasini qanoatlantirdi, u prezident Salome Zurabishvili mamlakatning asosiy qonunini buzganini ma’lum qilgan.

Foto: Gurjiston prezidentining rasmiy sayti

Gurjiston Konstitutsiyaviy sudi mamlakat prezidenti Salome Zurabishviliga qarshi impichment jarayonini boshlashga ruxsat berdi. 16 oktyabr, dushanba kuni Konstitutsiyaviy sud hukmron «Gurjiston orzusi – Demokratik Gurjiston» partiyasining konstitutsiyaviy taqdimnomasini qanoatlantirdi, u davlat rahbari tomonidan konstitutsiya buzilganini aniqlagan, dedi sud raisi Merab Turava jonli efirda. Qarorni Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz a’zosidan olti nafari qo‘llab-quvvatladi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud Salome Zurabishvili Gurjiston hukumati roziligisiz xorijga chiqib va rasmiylar bilan uchrashib, mamlakat konstitutsiyasining 52-moddasini buzgan deb tan oldi. Konstitutsiyaviy sud qarori endi parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Impichment masalasi yaqin ikki hafta ichida yalpi majlisda ovozga qo‘yiladi, deya qo‘shimcha qildi Turava.

Zurabishvilining chet el safarlari tufayli impichment jarayoni

1 sentabr kuni hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi davlat rahbariga nisbatan impichment jarayonini boshlashini ma’lum qildi. Partiya raisi Irakliy Kobaxidzening qayd etishicha, parlamentdagi siyosiy kuchlar muvozanatidan kelib chiqib, impichmentda muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi, chunki 150 tadan 100 ta ovoz kerak, hukmron siyosiy kuch esa bunday raqamni muxolifat qo‘llab-quvvatlamasidan turib qo‘lga kirita olmaydi. Biroq, impichment jarayonini boshlash «partiyaning konstitutsiyaviy burchidir», dedi u.

«Gurjiston orzusi» Zurabishvili hukumat ruxsatisiz xorijga safarga ketgani uchun asosiy qonunni buzganini ta’kidlamoqda. Gurjiston Konstitutsiyasining 52-moddasiga ko‘ra, prezident tashqi munosabatlarda vakillik vakolatlarini amalga oshiradi, vazirlar mahkamasining roziligi bilan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi.

Salome Zurabishvili 31 avgust kuni prezident Frank-Valter Shtaynmayyer bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Germaniyaga keldi va Gurjistonga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomini berishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa yetakchilari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Tbilisidagi hukumat bu safarni ma’qullamadi. Gurjiston vazirlar mahkamasi Salome Zurabishvilining 22-24 avgust kunlari Ukrainaga, sentabrda Shveytsariya va Bolgariyaga, oktyabrda Polsha, Belgiya va Daniyaga, shuningdek, dekabr oyida Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya va Isroilga borishiga ruxsat bermagan.

Zurabishvili va hukmron partiya o‘rtasidagi kelishmovchiliklar

Salome Zurabishvili 2018 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan edi. Rasmiy ravishda u mustaqil nomzod sifatida ko‘rsatilgan, ammo uni «Gurjiston orzusi» qo‘llab-quvvatlagan. Keyinchalik, davlat rahbari va siyosiy kuch o‘rtasidagi munosabatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Moskva bilan munosabatlardagi kelishmovchiliklar fonida yomonlasha boshladi.

Gurjiston Ukraina va Moldova bilan deyarli bir vaqtda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. 2022 yil iyun oyida Ukraina va Moldova YeI a’zoligiga nomzod bo‘ldi, biroq Gurjiston bu maqomni olmadi. Bryussel uni «qolgan ustuvorliklar hal etilishi bilanoq» Gurjistonga taqdim etishga va’da berdi.

Mavzuga oid