Jahon | 22:05 / 17.10.2023
11108
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon prezidenti Qorabog‘ mojarosi mavzusi abadiy yopilganini aytdi 

«Bu katta baxt», dedi davlat rahbari. 

Foto: president.az

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ mojarosi mavzusini yopiq deb hisoblashini aytdi.

«Ko‘pchilik bu mojaroning harbiy yechimi yo‘qligini takrorlardi. Biz borligini ko‘rsatdik va yaqinda yana bir bor ko‘rsatdik. Bu mavzu yopiq. Qorabog‘ mojarosi mavzusi abadiy yopiq! Biz separatistlar kitobini yopdik. Bu katta baxt», dedi u 17 oktyabr kuni Fuzuliy shahriga (Qorabog‘ viloyati) ko‘chib kelgan aholi va viloyat jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvda. 

Aliyev ma’lum vaqtdan keyin Qorabog‘ Ozarboyjon iqtisodiyotida rag‘batlantiruvchi kuchga aylanishiga ishonch bildirdi. 

15 oktyabr kuni Ozarboyjon prezidenti Qorabog‘ markazi – Xonkendi (Stepanakert) shahriga bordi va davlat bayrog‘ining tantanali tarzda ko‘tarilishi tadbirida ishtirok etdi.  

Ozarboyjon 19-20 sentabr kunlari asosan armanlar istiqomat qiladigan Qorabog‘da «konstitutsiyaviy tuzumni tiklash» maqsadida harbiy amaliyot o‘tkazdi. Harbiy harakatlar natijasida Ozarboyjon ushbu bahsli hudud ustidan nazorat o‘rnatdi. 28 sentabr kuni Qorabog‘ rahbari 2024 yil 1 yanvardan boshlab tan olinmagan respublika tugatilishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.  

5 oktyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi sifatida tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Ikki hafta ichida deyarli butun arman aholisi - 100 mingdan ortiq kishi Qorabog‘ni tark etdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid