Jahon | 13:24 / 25.10.2023
12988
4 daqiqa o‘qiladi

Yerosti hovli uylarida yashaydigan odamlar – Tunisdagi Matmata shahri haqida

Shimoliy Afrikada joylashgan Tunisda Matmata shahri bor. Bu yerda bundan 20 ming yil oldin paydo bo‘lgan berber qabilalari avlodlari yashaydi. Matmatada aksar uylar yer tagi kovlanib qurilgan. Va bu hozir sayyohlarning sevimli manzillaridan biriga aylangan. Nega matmataliklar hamma qatori yer ustida emas, ostida uy qurishni afzal ko‘rishgan?

Sahroi Kabirdagi shahar  

Bu shahar nomi ko‘pchilik uchun notanish bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun qo‘lingizda dunyo xaritasi bo‘lsa, Afrika qit’asining shimolida joylashgan Tunis davlatini topib olishingiz kerak. Tunisning janubida, 35 kilometr uzoqlikda Sahroi Kabirning bir qismida Matmata shahri joylashgan.

Shahar dengiz sathidan 450 metr tepalikda cho‘l zonasida bo‘lib, Gabes, Kebili, Medenin va Tatavin va janubiy Tunisning boshqa yirik shaharlarini bir biriga bog‘lab turadi. Shaharda atigi 2 ming aholi bor va ular berber tilida gaplashadi. Berberlar Marokashda bundan 20 ming yil oldin paydo bo‘lgan xalqlardir.

Yomg‘irdan omon chiqqan uylar

Matmata 1969 yilgacha deyarli mashhur bo‘lmagan. Shahardagi uylar yer ostida, loydan qurilgan edi. O‘sha yili hududga 22 kun davomida yomg‘ir yog‘adi. Va bu ko‘p uylarni suv bosib qulab tushishiga sabab bo‘ladi. Ko‘mak olish uchun aholi hukumatga murojaat qiladi. Hukumat hududdagi yashash imkoni bo‘lgan uylarni ta’mirlash va yer ustida ham yangi uylar qurishga yordam guruhini jo‘natadi. Shundan keyin yerosti uylarida qolishni xohlaganlar ta’mirlangan eski uylarida yashashni davom ettirishsa, aholining ma’lum qismi yerusti uylariga ko‘chib o‘tadi va Matmata shahri qad rostlaydi.

Yer ostida uy qurish matmataliklarga nega kerak bo‘ldi?

Shaharning o‘ziga xosligi arxitekturasida ko‘rinadi. Ya’ni uylar qazilgan, chuqurlar ichida, g‘or shaklida qurilgan. Keyinchalik bu chuqurlardan xona sifatida foydalanilgan. Ba’zi uylar bir necha chuqurlardan iborat bo‘lib, xandaqqa o‘xshash o‘tish yo‘laklari bilan bog‘langan. Bunday uylar traglodit uylar deb ham ataladi. Hududda taxminan 1200 ta yer ichiga qazilgan uy bor.

Chuqurlar 7 metr balandlik va 10 metr kenglikda qazilgan. Yer qazishga qattiq bo‘lmagani uchun ham odamlar qo‘l kuchida chuqurlar kovlashgan. Uylar tepadan qaraganda labirintni eslatadi. Ayrim hovlilarda alohida zina o‘rniga, devorning turli joylaridan oyoq qo‘yib tepaga chiqish uchun teshiklar ochilganini ko‘rish mumkin.

Matmataliklar yashaydigan hududlarda havo harorati doim yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, cho‘lda esadigan kuchli shamol va qum bo‘ronlari aholini doimiy bezovta qiladi. Issiq va qumli shamollardan himoyalanish uchun ham mahalliy aholi yer qazib, yer ostida uy va hovli-joy qilib yashashni afzal ko‘rgan.

Mashhurlik va sayyohlar

Yerostidagi o‘ziga xos yashash tarzi, noyob madaniyat, ayniqsa hozir ko‘pchilikning e’tiborini tortib, sayyohlarni bu yerga jalb qilib kelyapti.

Bundan tashqari, Matmatadagi uy, mehmonxonalarga Hollivud kinoijodkorlari ko‘p marta murojaat qilishgan. “Star Wars (Yulduzlar janglari), “Call of Duty 2 (Burch tuyg‘usi)” kabi filmlardagi ayrim sahnalar shu g‘or uylarda suratga olingan.

Shaharning uyg‘unlashib, uni yana ham go‘zallashtirib turadigan narsasi palma va zaytun daraxtlaridir. Ular Matmataning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.

Mavzuga oid