Jahon | 20:27 / 27.10.2023
14936
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Turkmaniston prezidentlari kuchukcha almashishdi 

Turkiyada ikki davlat rahbarlarining muzokarasi o‘tkazildi. Uning yakunida Serdar Berdimuhamedov va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bir-biriga kuchukcha sovg‘a qildi. 

Foto: Anadolu Agency

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ilk bor Turkiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Xizmat safari haqidagi hisobot Turkmaniston davlat axborot agentligi tomonidan e’lon qilindi. Bu haqda Turkmen.news xabar berdi. 

Anqaraga yetib borgan Turkmaniston rahbari dastlab Otaturk maqbarasi va turkman shoiri Maxtumquli haykalini ziyorat qildi. Ushbu haykal 2012 yili uning otasi Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan ochilgan edi. 

Shundan so‘ng martabali mehmon Oqsaroyda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. 

Davlat rahbarlari qishloq xo‘jaligidan tortib, xalqaro hamkorlikdagi BMT rolining ahamiyatigacha bo‘lgan barcha mavzularni tom ma’noda muhokama qildilar. Birgalikda audio va video mahsulotlar ishlab chiqarish to‘g‘risidagi bitimdan tortib, meteorologiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimgacha ko‘plab hujjatlar imzolandi. 

Muzokaralar yakunida Berdimuhamedov Erdo‘g‘anga «Gardash» laqabli turkman Alabay zotli kuchukchasini sovg‘a qildi. O‘z navbatida Turkiya rahbari unga Anadolu zotli cho‘pon itining ikki kuchukchasini hadya qildi. 

Turkmaniston rahbarining boshqa davlat prezidentiga kuchukcha sovg‘a qilishi yangilik emas. 2017 yilda Gurbanguli Berdimuhamedov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga alabay kuchukchasini hadya qilgan edi. 2022 yilda Gurbanguli Berdimuhamedov xuddi shunday kuchukchani O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham sovg‘a qildi. 

Mavzuga oid