O‘zbekiston | 13:08 / 28.10.2023
6426
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Turkiy investitsiya jamg‘armasiga a’zo bo‘lmoqda

Jamg‘armaning mablag‘lari mintaqalararo savdo, qo‘shma loyihalar, yashil iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, transport, logistika va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratiladi.

Foto: Senat.uz

Senat yalpi majlisida “Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Anqara, 2023 yil 16 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimning bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilanmoqda.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining Turkiy investitsiya jamg‘armasidagi ulushini Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimda nazarda tutilgan muddatlarda shakllantirish, shu jumladan uning boshlang‘ich kapitalidagi 2000 ta aksiyaga obuna bo‘lish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbai ekani belgilab qo‘yilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli mablag‘larni o‘tkazish bo‘yicha buyurtmanomalar taqdim etib boradi. Markaziy bank Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitim bo‘yicha depozitariy funksiyasini bajaradi.

Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimning asosiy maqsadi – Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy savdoni va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat. Ushbu bitim Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etishni hamda uning huquqiy maqomini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Shu bilan birga, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasida hamkor davlatlar, jumladan, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya bilan investitsiyaviy loyihalarni, xususan, elektrotexnika, yengil sanoat, avtosanoat, charm sanoati, qurilish materiallari sohalarida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Mavzuga oid