O‘zbekiston | 12:12 / 28.10.2023
13427
2 daqiqa o‘qiladi

Surayyo Rahmonova Bolalar ombudsmani lavozimiga saylandi 

Senat yalpi majlisida Surayyo Rahmonovani Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Foto: Senat.uz

Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) saylash to‘g‘risidagi masalasi ko‘rib chiqildi.

Senat tomonidan Rahmonova Surayyo Mahmudovnani Bolalar ombudsmani lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, Surayyo Rahmonova 1978 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

U 2000 yilda Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavr, 2002 yilda esa magistr darajasiga ega bo‘lgan. 2015 yilda dotsent ilmiy unvoni, 2018 yilda yuridik fanlar doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.

Surayyo Rahmonova 2018-2019 yillarda Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot xizmatida bo‘lim boshlig‘i va rahbari, 2019 yildan AOKA bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan, 2022 yildan Senatning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limida faoliyat ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili sifatida ishlab kelgan Aliya Yunusova shu yilning sentabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra iste’fo berdi. “Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimidagi faoliyatimga yakun yasayotganimni ma’lum qilaman”, – deb yozgandi Yunusova Facebook'dagi sahifasida. U “hozirgi vaziyat” deb nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

 

Mavzuga oid