«Bizga tinch va barqaror Afg‘oniston kerak» - Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston rahbari mintaqaga barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerakligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni xalqaro maydondagi boshqa mojarolar fonida unutib qo‘ymaslikka chaqirdi.
«Ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqamizda strategik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Biroq dunyoning boshqa nuqtalarida nizo va urushlar avj olayotgan hozirgi sharoitda ushbu muammo xalqaro hamjamiyat e’tiboridan tobora chetda qolmoqda.
Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.
Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak.
Biz ilgari surayotgan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish tashabbusi aynan mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
O‘zbekiston afg‘on xalqiga bundan buyon ham zarur yordamni berib boradi. Termizdagi logistika xabi orqali gumanitar ko‘mak ko‘rsatishni, ta’lim markazida esa afg‘on fuqarolarini o‘qitishni faol davom ettiramiz», dedi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev bugun qabul qilinayotgan muhim hujjatlar va qarorlar, jumladan, sammit deklaratsiyasi hamda Ostona akti mintaqa mamlakatlarining yorqin turkiy kelajak sari navbatdagi dadil qadamlari bo‘lishiga, o‘z tarixi davomida ko‘p-ko‘p sinovlarni boshidan kechirgan va ularga birgalikda yechim topgan qardosh xalqlar kelgusida ham buyuk ishlarni amalga oshirishiga ishonch bildirgan.
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024