O‘zbekiston | 14:45 / 07.11.2023
16907
3 daqiqa o‘qiladi

Taftish.uz sayti rahbari sirtdan qamoqqa olindi. U qidiruvda bo‘lishi mumkin

Sayt rahbari fuqarolarning 33,3 ming AQSh dollar qiymatidagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib, talon-toroj qilib yuborganlikda ayblanmoqda. Bu haqda ma’lum qilgan Buxoro viloyati prokuraturasi ko‘p o‘tmay rasmiy kanalidan mazkur xabarni o‘chirib tashladi.

Foto: Facebook / aberaevGN

Taftish.uz sayti rahbari G‘ayrat Aberayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi xabar berdi. Biroq ko‘p o‘tmay viloyati prokuraturasining Telegram’dagi rasmiy kanalidan ushbu xabar o‘chirildi.

 

Ma’lum qilinishicha, G‘ayrat Aberayev Taftish.uz sayti rahbari sifatida Shofirkon tumani hududida yashovchi fuqarolarni aldab, saytning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ularning muammolarini hal qilib berish evaziga ko‘p miqdordagi pullarini olib, shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Xususan, G‘ayrat Aberayev 2020 yil oktyabr oyida muqaddam Konimex tumanidagi “Alibek Islom” MChJ rahbariga qarashli bo‘lib, keyinchalik tuman qorako‘lchilik shirkati balansiga o‘tkazib yuborilgan 1400 gektar yaylov yerlarini fermer xo‘jaligi nomiga qayta rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. 

Shuningdek, fuqaro Q.X.dan tuman hokimligi zaxirasiga olingan 1800 gektar yaylov yerlarni uning o‘ziga qaytarib olishda yordam berishini aytib, buning evaziga undan jami 22 ming AQSh dollari olgan. 

Bundan tashqari, fuqaro M.S.ga Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan sodir etgan jinoyati uchun “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan vaqtda uning otasi I.S.ga o‘g‘lini qamoqdan chiqarishga yordam berishini aytib, uning 5 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.  

Qayd qilinishicha, G‘ayrat Aberayev shu va boshqa holatlarda fuqarolarni aldash orqali ularning jami 33,3 ming AQSh dollar mablag‘larini qo‘lga kiritgan. Ushbu harakatlari uchun unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda holat yuzasidan Peshko‘ tumani IIBi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prokuratura xabarida Aberayevga nisbatan qidiruv e’lon qilingan yoki qilinmagani aytilmagan. Qonunchilik talabiga ko‘ra sirtdan (ayblanuvchi ushlanmagan vaqtda) qamoq qo‘llanilgan taqdirda unga nisbatan qidiruv e’lon qilinishi lozim.

Mavzuga oid