O‘zbekiston | 15:25 / 15.11.2023
9752
3 daqiqa o‘qiladi

"Kompromat ishi" doirasida birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldi

Tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda ayblanib, ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan X.Daliyev va S. Hoshimovning shikoyatlari apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqildi. Unda birinchi instansiya sudi hukm o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

14 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida sudlanuvchilar X. Daliyev, S. Hoshimov va ularning himoyachilari tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan JIB Shayxontohur tuman sudining shu yil 26 sentabrdagi hukmining X. Daliyev va S. Hoshimovga oid qismi o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Shuningdek, ushbu ajrimdan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga muvofiq Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqli

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 27 yanvar kuni Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev Telegram'dagi "Kompromatuzb" va boshqa kanallar orqali qilingan tovlamachilik jinoyatlariga aloqadorlikda gumonlanib, nashr ofisidan olib ketilgandi.

Keyinchalik Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sobiq matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva va “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Siyovush Hoshimov ham ushbu ish doirasida hibsga olingani ma’lum bo‘lgandi.

2023 yil 26 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ularga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, Xurshid Daliyev JKning 4 ta moddasi bo‘yicha aybdor, deb topilib, unga 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Siyovush Hoshimov esa JKning 3 ta moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybdor, deb topilgan. Unga 3 yilga OAVda ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Boshqa sudlanuvchilar Ahmadulla Ahmadjonov va Mavjuda Mirzayevalar birinchi instansiya sudining hukmi ustidan shikoyat bermagan. Ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan edi.

Mavzuga oid