O‘zbekiston | 15:01 / 21.11.2023
24508
2 daqiqa o‘qiladi

Askiyachi Mamasiddiq Sherayev vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, askiya san’ati ustasi Mamasiddiq Sherayev 77 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: Madaniyat vazirligi

Yusufjon qizik Shakarjonov nomidagi Respublika Askiya va qizikchilik san’ati markazi asoschisi, Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrining oliy toifali drama artisti Mamasiddiq Sherayev 77 yoshida vafot etdi.

Mamasiddiq Sherayev 1972-1975 yillarda Sirdaryo musiqali teatrida aktyor, 1975-1977 yillarda Farg‘ona o‘zbek teatrida drama artisti, 1979-1986 yil «Nurxon» xalq teatrida rejissyor bo‘lgan.

U 1986-1987 yillarda Toshloq tuman Madaniyat bo‘limida badiiy rahbar, 1987-1993 yillarda Farg‘ona shahar «Neftchi» klubida kinooprerator, 2006-2016 yillarda «Muhammadsiddiq askiyasi» xususiy korxona rahbari, 2016-2020 yillarda Marg‘ilon shahar Madaniyat bo‘limida to‘garak rahbari lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, 2020 yildan hozirgi vaqtgacha Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrining oliy toifali drama artisti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Mamasiddiq Sherayev 1999 yil "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist" unvoni, 2021 yil "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid