Jahon | 11:46 / 22.11.2023
3602
2 daqiqa o‘qiladi

Aleksey Navalniy 23-marta jazo kamerasiga yuborildi

Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy yana 15 kun jazo kamerasida o‘tirishga hukm qilindi. Uning jazo kamerasida umumiy o‘tkazgan vaqti 266 kunni tashkil qiladi.

Foto: Tatyana Makeyeva/AFP/Getty Images

Vladimir viloyatidagi koloniyada o‘tirgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy yana jazo kamerasiga jo‘natildi. «Ular menga yana 15 sutka berdi», — deb yozdi siyosatchi 21 noyabr, seshanba kuni Telegram-kanalida. 

Bu Navalniyning jazo kamerasiga 23-marotaba yuborilishi. Bu safar nima sabab bo‘lgani aytilmagan. Yangi jazo hisobga olinsa, siyosatchining jazo kamerasida o‘tkazgan umumiy vaqti 266 kunni tashkil qiladi. U yerga oxirgi marta 7 noyabr kuni joylashtirilgan edi. 

Navalniyning ta’kidlashicha, tergov harakatlarida ishtirok etish uchun uni allaqachon Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasidan tergov izolyatoriga yoki maxsus rejimli koloniyaga o‘tkazishlari kerak edi. 

«Tergov meni tergov izolyatoriga o‘tkazmoqchi emas, lekin men uchun Sibirning biron bir joyiga, maxsus rejimli koloniyaga kelishni ham xohlamayapti. Shuning uchun, odatdagidek, Rossiya qonunchiligi normalari bu borada bekor qilindi va ular meni eski joyimda ushlab turmoqda», deb yozadi u. 

Navalniy 19 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda 

Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan 2023 yil avgustida «ekstremistik hamjamiyat» tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyada 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Rasmiylarga ko‘ra, siyosatchi asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi shunday hamjamiyat bo‘lgan. 

Oktyabr oyida Navalniyning uch advokati – Aleksey Lipser, Vadim Kobzev va Igor Sergunin «ekstremistik hamjamiyat»da ishtirok etganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Tergovning fikricha, advokatlar siyosatchidan uning jamoasiga «muntazam ravishda ma’lumot uzatib turgan».

Mavzuga oid