Iqtisodiyot | 18:39 / 23.11.2023
23955
2 daqiqa o‘qiladi

Dollarning rasmiy kursi ilk marta 12 300 so‘mdan oshdi

Yil boshidan buyon so‘m dollarga nisbatan 9,4 foizga qadrsizlandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki 24 noyabrdan boshlab amal qiladigan xorijiy valutalarning so‘mga nisbatan rasmiy kursini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 1 AQSh dollari 15,95 so‘mga qimmatlab, 12 304,98 so‘mga yetgan. 1 yevro 43,23 so‘mga qimmatlab, 13 440,73 so‘mni, 1 funt sterling 56,89 so‘mga ko‘tarilib, 15 453,82 so‘mni tashkil etgan.

Shu tariqa, AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy qiymati ilk marta 12 300 so‘mdan oshdi.

23 noyabr kuni O‘zbekistondagi tijorat banklarida Amerika valutasi 12 230 – 12 290 so‘m oraliqdagi kursda sotib olinib, 12 330 – 12 365 so‘m diapazondagi kurslarda sotildi. Banklarda dollarning sotish kursi ilk marta 2 noyabrda 12 300 so‘mdan oshgandi.

Rasmiy kurs bo‘yicha, o‘zbek so‘mi yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan 9,4 foizga qadrsizlandi. Taqqoslash uchun, so‘mning dollarga nisbatan devalvatsiyasi 2022 yil davomida 3,9 foizni tashkil etgandi.

Joriy yil davomida kursdagi sezilarli o‘zgarish 10 avgustda ro‘y berdi: shu kuni kurs birdaniga 408 so‘mga yuqorilab, 12 075 so‘mga yetgandi.

Dollar kursining ko‘tarilishi xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari va eksportdan valuta tushumlari kamayishi fonida ro‘y bermoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–oktyabr oylarida tashqi savdodagi salbiy saldo 10 mlrd dollarga yetgan.

Mavzuga oid