O‘zbekiston | 20:53 / 23.11.2023
9548
4 daqiqa o‘qiladi

Energotizim bu yilgi qishga qanchalik tayyor? Energetika vaziri javobi

Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, sovuq kunlar uchun mazut zaxirasi o‘tgan yilgi 47 ming tonnadan 340 ming tonnagacha oshirilgan. Saqlash omborlaridan olish mumkin bo‘lgan kunlik gaz miqdori 18 mln kubdan 40 mln kubga yetkazilgan. Poytaxtning muammoli hududlardagi yuklama miqdori kamaytirilgan, gaz bosimi tushib ketadigan issiqlik markazlariga esa alohida liniya tortib kelingan.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova energetika tizimi bu yilgi qish mavsumiga qay darajada tayyor ekani yuzasidan vazir Jo‘rabek Mirzamahmudovdan izoh so‘radi.

“O‘tgan yili anomal sovuq nimalarga tayyormiz-u, qanday muammolarimiz borligini boricha ko‘rsatib berdi. Bu yilgi qish mavsumiga qay darajada tayyormiz? Ko‘p qavatli binolardagi muammolarning bartaraf etilishi bo‘yicha qanday tayyorgarliklar amalga oshirilmoqda?” deya so‘radi deputat 22 noyabr kungi hukumat soatida.

Vazirning ma’lum qilishicha, muammoli hududlardagi yuklama miqdori kamaytirilgan, gaz bosimi tushib ketadigan issiqlik markazlariga esa alohida liniya tortib kelingan.

“Tahlil olib boryapmiz. To‘g‘ri, noyabr oyi biroz issiq keldi deyish mumkin va iste’mol ham pastroq. Lekin generatsiya quvvatini inobatga olgan holda o‘tgan yili noyabr oyida elektr energiyaga kunlik cheklov kiritilgandi.

Toshkentdagi muammolar nima sababdan yuzaga kelgandi? Tabiiy gazning bosimi tushib ketishi natijasida elektr energiyaga talab oshib ketdi. Yuklamani ko‘tara olmaslik natijasida simlar va transformatorlar yonib ketdi, avariya holatlari yuzaga keldi. Nima qilindi? Eng avvalo, Toshkentdagi eng muammoli hududlar, jumladan Yunusobod va Olmazor tumanlaridagi yirik podstansiyalarda alohida kabellarni boshqa podstansiyalarga taqsimlagan holda yangi liniyalar tortildi va yuklama pasaytirildi. Ikkinchidan, isitish markazlarida gaz bosimi tushib ketgan, chunki aholi o‘sha tarmoqqa ulangan bo‘lgan. Shuning uchun uchinchi va beshinchi isitish markazlariga alohida sanoat tarmog‘idan gaz tortib kelindi. Uchinchidan, ushbu qozonxonalarda gaz bosimi tushib ketganda boshqalaridan farqli ravishda, mazut yoqib, issiqlikni ushlab turish imkoniyati bo‘lmagan. Bu qozonxonalar to‘liq ta’minlanib, mazut yoqishga ixtisoslashtirildi, mazut yoqilg‘isini saqlash tizimlari yaratildi va ushbu ikki isitish markazlarining har birida 2 ming tonnadan mazut zaxirasi yaratildi. Ya’ni kafolatlangan issiqlik tizimi bo‘ladi. Shuni inobatga olib, hozirda 8 ta holati og‘ir hududlarda xuddi shunday qurilmalar qurish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Ushbu shartnomalar DXSh asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, anomal sovuq kelsa yoki avariyaviy holatlar bo‘lganida qanday ishlash bo‘yicha algoritm ishlab chiqqanmiz. Agar o‘tgan yilning 22 noyabr holatiga zaxiramizda 47 ming tonna mazut bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 340 ming tonna zaxira bor. Ya’ni mazut zaxirasi qilindi, kafolatlangan tabiiy gaz zaxirasi yaratildi. O‘tgan yili saqlash omborlarida kuniga 18 mln kub gaz olganmiz, hozir u yerda qurilgan yangi stansiyalar hisobiga kunlik olish miqdori 40 mln kubga yetkazildi”, dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Energetika vazirining qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda energetika tarmog‘ini yangilash uchun sarflangan mablag‘ miqdori respublika bo‘yicha 14 trillion so‘mga yetgan. Bu ishlar davlat budjeti, mahalliy hokimliklar mablag‘lari va kredit resurslari hisobidan amalga oshirilgan.

Mavzuga oid