O‘zbekiston | 18:44 / 23.11.2023
46514
8 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘li uzun” odam: Angrendagi “ko‘mir mafiyasi”ni kimlar qo‘llayapti?

Energetikadagi o‘g‘riliklarga qarshi boshlangan kurash Angrenda ko‘mirni noqonuniy olib chiqib, ulgurji sotishni yo‘lga qo‘ygan to‘daga ham ta’sir qilgan ko‘rinadi: bir necha yuz minglab dollarlar aylanadigan “qora bozor”da yaxshigina janjallar boshlangan. Voqealar markazida oldin IIVda yuqori lavozimda ishlagan shaxs turgani, unga nisbatan jinoyat ishi tergovi to‘xtab qolgani aytilmoqda.

Angren ko‘mir koni / Foto: Kun.uz

Qora ko‘mirdagi “qora ishlar”

Keyingi paytlarda ko‘mir o‘g‘rilariga qarshi katta “ov” boshlandi. Aholiga imtiyozli narxlarda sotilishi ko‘zda tutilgan ko‘mir mahsulotlarini talon-toroj qilish holatlari kunora fosh etilmoqda.

Masalan, oxirgi 10 kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida 1,2 ming tonnadan ortiq, Toshkent viloyatida 800 tonna, Andijonda 3 ming tonna, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qariyb 2 ming tonna, Qo‘rg‘ontepa va Peshko‘ tumanlarida 2,5 ming tonnadan ortiq, Sharof Rashidov, Forish va Farg‘ona tumanlarida qariyb 4 ming tonna aholiga ajratilgan ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlangan.

Ammo ko‘mir bozoridagi bu qora ishlar – “cho‘michga chiqqani” xolos. “Qozon boshida” bundan ham kattaroq “o‘yinlar” bo‘lmoqda.

Angrendagi “ko‘mir mafiyasi”

Kun.uz'ga Angrenda ko‘mirni kondan g‘ayriqonuniy tarzda olib chiqib, fuqarolar va tadbirkorlarga ulgurji sotishni yo‘lga qo‘ygan shaxsning firibgarligi haqida murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, bu shaxs go‘yoki Angren ko‘mir koni ularning qo‘lida ekanini, ko‘mir oldi-sotdisi faqatgina ular orqali amalga oshirilishini, nazorat qilish uchun investorlar uni shu yerga qo‘yib qo‘yganini aytib, ko‘plab fuqarolarning katta miqdordagi pullarini o‘zlashtirgan.

Jumladan, 2022 yilning 7 sentabr kuni ulgurji narxda ko‘mir olib sotishni reja qilgan fuqaroning ishonchiga kirib, ko‘mir chiqarib berishni va’da qilgan holda uning 130 mln so‘m pulini o‘zlashtirgan.

Xuddi shu kabi, ko‘mir chiqarib berishini aytgan holda bir fuqarodan 200 mln so‘m, boshqa bir fuqarodan 50 ming dollar, yana bir fuqarodan esa 87 ming dollar miqdoridagi pullarni o‘zining sherigi orqali olgan.

Pul berganlarning ayrimlariga muayyan miqdorda ko‘mir chiqarib berilgan. Keyinroq, 2022 yilning kuz oylariga kelib, kondan ko‘mir chiqarishning imkoni bo‘lmay qolgan va va’dalar bajarilmagan. Ko‘mir bo‘lmagach, pullari qaytishiga umid qilgan shaxslarga bergan pullari qaytmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu “ko‘mir mafiyasi” oldindan shunday tartibda ishlab kelgan: ulgurji narxda olib, chakana narxda sotish orqali biznes qilmoqchi bo‘lganlar to‘daga “soqqasini” bergan va kondan ko‘mir chiqartirgan, bermagani esa birja orqali olaman deb xomtama bo‘lib yuravergan. Biroq “ko‘mir mafiyasi”ning o‘zi “joydan chetlashtirilgan”mi, negadir uning ishlari keyingi paytda o‘xshamay qolgan.

Qisman qaytarilgan pullar

Murojaatchilar taqdim etgan ma’lumotlarda aytilishicha, jabrlanuvchilardan birining arizasiga asosan Angren shahar IIB tomonidan 2023 yil 15 avgust kuni to‘dada “pul oluvchi” vazifasida bo‘lgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish doirasida to‘da a’zosi – “ko‘mir mafiyasi”ning “o‘ng qo‘li” 21 avgust kuni gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan, 22 avgust kuni esa unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Qo‘lga tushgach, to‘da a’zosi bu ishlarning ortida turgan asosiy figurantni fosh etgan – pullarni u olganini aytgan.

Tergov harakatlari davomida to‘da ko‘mir chiqarib berishni va’da qilgan holda boshqa fuqarolardan ham katta miqdorda pul olgani aniqlangach, bu ishlarning boshida turgan shaxs (u avval Ichki ishlar vazirligida yuqori lavozimda ishlagani aytilmoqda) tergov doirasida 2023 yil 6 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan gumonlanuvchi deb topilib, protsessual tartibda ushlangan.

Lekin jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar – 839 mln so‘m miqdoridagi pul tergov organining depozit hisobraqamiga qo‘yilgan va shu tariqa gumonlanuvchi vaqtincha saqlash hibsxonasidan ozod qilingan.

Ayni shu kabi holat yana bir marta takrorlangan: “qo‘li uzun” “ko‘mir mafiyasi” bu safar 400 mln so‘mdan ortiq pulni qaytargan.

Tergov boshi berk ko‘chada

Jabrlanuvchilarning aytishicha, firibgarni Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturadagi tanishlari qo‘llamoqda. Ular tergovning to‘xtatib qo‘yilishiga ham yuqoridan bo‘layotgan bosimlar sabab ekanini aytishmoqda.

Jinoyat ishi Angren shahar IIB tomonidan shu yil 15 avgustda qo‘zg‘atilgan. Qonun talabi bo‘yicha tergov 3 oy davom etishi, shundan keyin ish yo ayblov xulosasi bilan sudga oshirilishi, yoki tergovchining qarori bilan harakatdan tugatilishi (to‘xtatilishi) lozim.

Ammo shunisi ma’lumki, ayni kunga kelib ham na unisi, na bunisi qilingan emas. Fuqarolarga yetkazilgan va ayni paytda qoplanmay qolgan zarar midori esa katta, demoqda murojaatchilar.

Kun.uz qonun talablariga rioya qilgan holda voqealarda qatnashayotgan shaxslarning ismi-shariflarini ochiqlamadi. Ammo ular haqida ma’lumotlar va tergov ishining ayrim tafsilotlari tahririyatda mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilda “O‘zbekko‘mir” AJning ustav kapitalidagi 90,08 foiz davlat ulushi Qozog‘iston kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgan. Ikki kompaniya o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Angren konida kafolatlangan va barqaror ko‘mir qazib olish vakolati ham ishonchli boshqaruvchida bo‘lgan. “O‘zbekko‘mir” AJ mas’uli Kun.uz bilan suhbatda shartnoma muddati 2023 yil yakuniga qadar uzaytirilganini tasdiqlagandi.

“O‘zbekko‘mir” ishonchli boshqaruvga berilgach, 2020 yilda 184 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Yagona korporativ axborotlar portali ma’lumotlariga ko‘ra, “O‘zbekko‘mir” 2023 yilning 1-choragini ham 20,3 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.

Maqolada yodga olingan hodisalar ham “O‘zbekko‘mir” AJ xorij kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgan davrda sodir bo‘lgan.

Energoresurslar taqchilligi kuzatilayotgan bugungi kun sharoitida, muayyan qonuniy tartib taomillar asosida realizatsiya qilinishi shart bo‘lgan ko‘mirning bu tarzda “qo‘l”da sotilishi, boz ustiga bunday savdo-sotiqlar tepasida allaqanday “X” shaxslarning turishi sohani nazorat qiluvchi organlarni jiddiy o‘ylantirishi kerak emasmi?

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid