Jahon | 18:55 / 27.11.2023
5798
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda bolalar pnevmoniyasi bilan bog‘liq vaziyat og‘ir emas – JSST 

Bolalarda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘payishi munosabati bilan g‘ayrioddiy yoki yangi patogenlar aniqlanmagani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

Xitoyda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi COVID-19 pandemiyasi davridagidek yuqori emas. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Epidemiya va pandemiyaga tayyorgarlik va profilaktika departamenti direktori vazifasini bajaruvchisi Mariya Van Kerkxove ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bolalarda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘payishi munosabati bilan g‘ayrioddiy yoki yangi patogenlar aniqlanmagan, deb yozdi Reuters. 

JSST vakilining aytishicha, nafas olish yo‘llari kasalliklarining ko‘payishi patogenlarning aylanishi bilan bog‘liq. Shuningdek, kasallanishning ko‘payishi COVID-19 cheklovlarining bekor qilinishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

«Nafas olish tizimi kasalliklarining hozirgi cho‘qqisi 2018-2019 yillardagidek yuqori emas. Shuningdek, yangi patogenning paydo bo‘lishidan darak yo‘q», deb ta’kidladi Van Kerkxove. 

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakili Mi Feng so‘zlariga ko‘ra, o‘tkir respirator kasalliklarning ko‘payishi bir vaqtning o‘zida bir necha turdagi patogenlarning aylanishi bilan bog‘liq, asosiysi — gripp. 

Avvalroq, JSST Xitoyda bolalarda respirator kasalliklari bo‘yicha va qayd etilgan pnevmoniya klasterlari (o‘choqlari) ko‘payishi haqida rasmiy so‘rov yuborgan edi. Xitoy sog‘liqni saqlash idoralari bolalardagi pnevmoniyaning ko‘payishi bilan bog‘liq holda hech qanday g‘ayrioddiy yoki yangi patogenlar aniqlanmagani haqida javob berdi.

Mavzuga oid