O‘zbekiston | 08:17 / 29.11.2023
11048
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Tartibga solish qumdoni»ni joriy etish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjat bilan «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanmoqda.

Ma’lumot uchun: «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejim  yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solishni nazarda tutadi.

Vakolatli organlar:

Raqamlashtirish vazirligi;
Transport vazirligi;
Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
Qurilish va va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi. 

Yangi mahsulot, xizmat va ishlarni maxsus huquqiy rejim doirasida realizatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilinganda, ular uchun litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar maxsus huquqiy rejimni qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘rsatilgan muddatda talab etilmaydi.

Rejim quyidagi talablar asosida joriy etiladi:

loyihaning yangiligi, zamonaviy texnologiyalarga asoslanganligi hamda amaldagi mahsulot, xizmat va ishlarga nisbatan takomillashtirilganligi;
loyihani amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning mavjud emasligi yoki qonunchilik hujjatlarida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq taqiqlar mavjudligi;
maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilishda texnik imkoniyatlarning mavjudligi;
maxsus huquqiy rejimni joriy etish shaxsning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga, shuningdek, davlat mudofaasi va xavfsizligiga zarar yetkazish xavfi baholaganligi va bunday xavf-xatarlarni yuzaga keltirmasligi yoki ularni kamaytirish choralari ko‘rilganligi. 

Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat yoki ishlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha so‘rovnoma YaIDXP orqali qabul qilinadi. 

So‘rovnomani ko‘rib chiqish muddati – 30 kun, ushbu muddat ichida vakolatli organ joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazadi. O‘rganish davomida loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tadi, uning doirasida videoyozuv amalga oshirilishi mumkin. Ijobiy qaror qabul qilinganda tadbirkorlik sub’yekti bilan shartnoma tuziladi. 

Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish muddati uzog‘i bilan 3 yil etib belgilanadi. Realizatsiya nazorat qilinadigan cheklangan muhitda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid