O‘zbekiston | 10:26 / 03.12.2023
9636
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va BAA haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olishga kelishdi

O‘zbekiston va BAA ichki ishlar vazirlari ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzoladi. Shuningdek, BAAda uzoq vaqtga yashash huquqini olgan o‘zbekistonliklarga haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida imtiyoz beriladi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

2 dekabr kuni Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri o‘rinbosari — ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.

IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuv davomida «O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish va almashish to‘g‘risida»gi anglashuv memorandumi imzolangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur memorandumning kuchga kirishi bilan har ikki davlat fuqarolari o‘zlarining milliy haydovchilik guvohnomalari bilan ikkinchi tomon davlatining hududiga tashrif buyurgan davrda (uzoq muddatga yashash uchun kelganlar bundan mustasno) transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.

BAA rezidenti bo‘lgan (uzoq muddatga yashash huquqini olganlar) milliy haydovchilik guvohnomasiga ega O‘zbekiston fuqarolari BAA haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida tegishli nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod qilinadi.

Hujjat 2024 yilning 27 yanvaridan kuchga kirishi belgilangan.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish, mazkur yo‘nalishlarda xodimlarning malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishni muhokama qildi.

Mavzuga oid