Jahon | 11:45 / 06.12.2023
5048
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml qamoqdagi ayrim ayollarga amnistiya e’lon qilishi mumkin

Rossiya prezidenti qamoq jazosini o‘tayotgan ayollarning «ayrim toifalari» uchun amnistiya tayyorlash zarurligini e’lon qildi. Ammo yil oxirigacha hech qanday qaror bo‘lmaydi, dedi uning matbuot kotibi. 

Foto: Yelena Anosova

Rossiyada qamoq jazosini o‘tayotgan ayrim ayollarga nisbatan amnistiya e’lon qilinishi mumkin. Biroq joriy yilning oxirigacha bunday qaror bo‘lmaydi, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 5 dekabr, seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ayollarga nisbatan amnistiya qo‘llanishi mumkinligi haqidagi bayonotini izohlar ekan. 

«Bunchalik tez amalga oshirishning iloji yo‘q. Avval tafsilotlarni muhokama qilishimiz, pozitsiyani ishlab chiqishimiz, keyin nimadir haqida aniq gapirishimiz kerak», dedi u jurnalistlar bilan suhbatda. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha mahkum ayollarning qaysi toifalari amnistiyaga tushishi mumkinligi haqida ham ma’lumot yo‘q. 

Putin «ayrim toifadagi ayollar» uchun amnistiya e’lon qilishga tayyor 

Bir kun oldin Putin zo‘ravonliksiz jinoyatlar uchun sudlangan yoki tergov ostidagi ayollarga nisbatan amnistiya e’lon qilinishini istisno etmadi. «Menimcha, tegishli qarorni tayyorlash va qabul qilish kerak, jumladan, qamoqdagi ayrim toifadagi ayollarni amnistiya qilish to‘g‘risida», - dedi u Inson huquqlari bo‘yicha kengash yig‘ilishida. 

Shu tarzda, u IHK a’zosi Yeva Merkachevaning «voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan va zo‘ravonliksiz jinoyatlarda gumon qilingan yoki sudlangan barcha ayollarni afv etish» taklifiga javob berdi. «Va birinchi marta zo‘ravonliksiz jinoyat sodir etgan, jabrlanuvchilar bo‘lmagan yoki ozod etilishiga qarshilik bo‘lmagan barcha ayollarni afv etishingizni so‘rayman», - dedi u. 

Mavzuga oid