O‘zbekiston | 10:55 / 08.12.2023
5114
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekistonda mebel klasterini tashkil etishda ishtirok etishi mumkin

Guanchjou shahrida Xitoyning mebelsozlik kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi vakillari Xitoyning Donguan shahri savdoni rivojlantirish uyushmasi vitse-prezidenti Xuan Xaytao boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida Xitoy tomoni Guanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi donguanlik tadbirkorlarda katta taassurot qoldirgani, O‘zbekiston hududlari va tarmoqlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha platforma yaratganini ta’kidladi.

Uchrashuvda ishtirok etgan Donguan shahri mebel sanoati korxonalarining vakillari mamlakatdagi mebel ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Xitoy tomoniga Toshkentda O‘zbekiston mebelsozlik uyushmasi bilan birgalikda mebel klasterini yaratish bo‘yicha ishlar boshlangani haqida ma’lum qilindi. O‘zbekiston tomoni ushbu loyiha bo‘yicha hamkorlik qilish, Xitoy tajribasi va investitsiyasini jalb qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Dongguan Baimuqiancheng Furniture kompaniyasi bosh direktori Syuy Tsinxun qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tanishgach, O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid