Eronlik Mahsa Aminiyning singlisiga Yevroparlament mukofoti topshirildi
Eronda axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan keyin o‘ldirilgan 22 yoshli Mahsa Aminiy va uning o‘limidan so‘ng mamlakatda boshlangan ayollar huquqlari harakati Yevropa parlamentining «Fikr erkinligi» mukofoti bilan taqdirlandi.
Eronlik kurd qiz Maxsa Aminiy vafotidan keyin Yevropa parlamenti tomonidan berilgan «Fikr erkinligi» uchun Andrey Saxarov mukofoti bilan taqdirlandi. Axloq politsiyasi tomonidan o‘ldirilgan qizning oilasi nomidan mukofotni 12 dekabr, seshanba kuni Strasburgda advokat Solih Nikbaxt, shuningdek, Aminiyning surgundagi singlisi Afsun Najafiy va faol Mersede Shixinkar qabul qildi. Aminiyning ota-onasi va ukasi Eron hukumati ularga mamlakatni tark etishga ruxsat bermagani uchun marosimga kela olmadi.
Yevroparlament raisi Roberta Metsola o‘z nutqida eronlik ayollarning adolat, erkinlik va inson huquqlari uchun kurashdagi jasorati va matonatini to‘xtatib bo‘lmas deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mahsa Aminiyning ovozi «butun dunyoda yangradi» va «Ayol, hayot, erkinlik» harakatining boshlanishini belgilab berdi. «Sizning jasoratingiz g‘alaba qozonadi, chunki sizning maqsadingiz to‘g‘ri», deb qo‘shimcha qildi Yevroparlament rahbari.
O‘z navbatida, Aminiyning onasi Mojgan Eftexari o‘z so‘zida qizini inkvizitsiya tomonidan qatl etilgan, keyin esa katolik cherkov tomonidan kanonizatsiya qilingan Janna D'Ark bilan taqqosladi. O‘rta asr faoli ham, Mahsa Aminiy ham o‘limlari orqali chegaralardan oshib ketishdi hamda emansipatsiya va ozodlik istagini yangiladilar, dedi u.
2023 yil Saxarov mukofoti laureatlari - Mahsa Aminiy va Eron ayollari harakati
Bu yilgi Saxarov mukofotining ikkinchi laureati «Ayollar, hayot, erkinlik!» shiori ostida ayollar huquqlari uchun Eron ommaviy harakati bo‘ldi. «22 yoshli Jina Mahsa Aminiyning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu tarixga kiruvchi ayollar harakatining boshlanishi edi», - dedi Roberta Metsola laureatlarni e’lon qilar ekan.
Mahsa Aminiy 2022 yil 16 sentabrda bosh kiyimni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etdi. Uning oilasi Mahsa politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etganini da’vo qilmoqda. Tehron rasmiylari buni rad etadi.
Aminiyning o‘limi butun Eronda «Ayol, hayot, erkinlik!» shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Ular ko‘p oy davom etdi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 550 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan, yetti kishi qatl etilgan.
Saxarov nomidagi Yevroparlament mukofoti
«Fikr erkinligi» mukofoti sovet fizigi va huquq himoyachisi Andrey Saxarov nomi bilan atalgan bo‘lib, Yevropa parlamenti tomonidan 1988 yilda ta’sis etilgan. U inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishda o‘zini ko‘rsatgan shaxslar yoki jamoat tashkilotlariga beriladi. Mukofot miqdori 50 ming yevroni tashkil qiladi.
2022 yilda ukrain xalqi mukofot bilan taqdirlandi. 2021 yilda mukofotni o‘sha paytda qamoqda bo‘lgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy, undan bir yil oldin - Belarus muxolifati, 2018 yilda - o‘sha paytda Rossiyadagi qamoqxonada ushlab turilgan ukrainalik rejissyor Oleg Sensov olgan.
Mavzuga oid
14:15 / 06.11.2024
Eron: Agar Isroil sulhga rozi bo‘lsa, Tehronning javobi o‘zgarishi mumkin
19:40 / 05.11.2024
Eron ikkita sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
08:50 / 05.11.2024
WSJ: Eron armiya ishtirokida Isroilga «kuchli» hujum tayyorlamoqda
21:37 / 31.10.2024