Andijonda yukini bayroq bilan yopib harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi
Haydovchi 1 mln 20 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.
Andijon viloyatida yukini O‘zbekiston bayrog‘i bilan yopib harakatlangan haydovchi jazolandi. Avvalroq, huquqbuzarlik holatining fotosurati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Qayd qilinishicha, Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro 1 mln 20 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Uning ismi sharifi xabarda keltirilmagan.
Tegishli ma’muriy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudida ko‘rib chiqilgan va haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasi (davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1 million 20 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ushbu moddasi (O‘zbekiston yoki Qoraqalpog‘istonning davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoxud davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha (1 million 20 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan (1 million 20 ming so‘m) yetti baravarigacha (2 million 380 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga “dom” qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024