O‘zbekiston | 19:49 / 18.12.2023
33154
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Voitov talon-toroj va vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Jinoyat kodeksining 167- va 205-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Oliy sudi mamlakatning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qamoqqa olinganini tasdiqladi.

Mahkama matbuot xizmatiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida bosh prokuror o‘rinbosarining Aziz Voitovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqilgan.

Sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi 2-qismi “a” bandida (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish oqibatida juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Yashnobod tuman sudi 2023 yil 14 dekabrdagi ajrimi bilan bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasini qanoatlantirgan va gumon qilinuvchi Aziz Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

  • 43 yoshli Aziz Voitov 2022 yil avgustidan 2023 yil oktyabrigacha Qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqargan edi.
  • Kun.uz manbasiga ko‘ra, so‘nggi bir oyda korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari doirasida o‘nga yaqin mansabdor shaxs qo‘lga olingan. Xususan, Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov esa yerlarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq jinoyat ishda gumonlanib qo‘lga olingan.

Mavzuga oid