Jamiyat | 13:46 / 20.12.2023
40271
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir necha mansabdorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ular ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirgan va pora olgan davlat xizmatchilari aniqlangan.

Jumladan, «Samarqand suv ta’minoti» MChJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z.ning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shuningdek, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali metrologiya xizmati boshlig‘i R.J. o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan «Karim qurilish savdo» xususiy korxonasining norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalari tomonidan o‘g‘irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida yetkazib berilgan va iste’mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitoblarini muntazam o‘zgartirib kelgan.

Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o‘g‘rilik holatlari mavjudligini bilib tursa-da, masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta’sir ko‘rsatgan.

Yuqoridagi holatga ko‘maklashgan «Narpaytumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Z.A. ham Narpay tumanida joylashgan «Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalarining noqonuniy faoliyatiga amaliy yordam berib, amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida oldindan xabardor qilib kelgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati «Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi» direktori S.G. hamda markaz bosh hisobchisi A.J. o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda markaz mablag‘larini talon-toroj qilib kelgani aniqlangan.

«Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi»ning 2016-2023 yillardagi faoliyati o‘rganilganda, markaz mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda jamiyatning 1,3 mlrd so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid