Jamiyat | 16:57 / 22.12.2023
17723
4 daqiqa o‘qiladi

“80 foizgacha chegirma”: haqiqiy aksiyami yoki narx manipulyatsiyasi?

Raqobat qo‘mitasi tahlillariga ko‘ra, ayrim yirik savdo markazlari va do‘konlarda dastlab taklif qilinadigan tovarlarning narxlari haddan tashqari oshirib yuboriladi, so‘ngra ularning bahosi haqiqiy narxigacha tushiriladi va “chegirma” sifatida xaridorlarga taqdim etiladi.

Kollaj: Kun.uz

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda aksiyalar, har xil tovarlarning mavsumiy chegirmalari tashkil qilingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bunda ko‘pincha muayyan holat (kompaniyaning yubileyi, milliy bayram va boshqalar) sababli chegirma berilganiga urg‘u beriladi.

Raqobat qo‘mitasi tahlillariga ko‘ra, ayrim yirik savdo tarmoqlari foyda olish maqsadida ko‘pincha xaridorlar bilan turli xil manipulyatsiyalarga kirishishi, masalan, dastlab taklif qilinadigan tovarlarning narxlari iloji boricha haddan tashqari oshirib yuborilishi, so‘ngra ularning narxi haqiqiy narxigacha tushirilishi mumkin. Bunda xaridorlar tomonidan chegirmali tovarlarni xarid qilish orqali ularda foydali xarid illyuziyasini keltirib chiqarish maqsad qilingan.

“Odatda bayramlar oldidan yirik savdo markazlari va do‘konlar tovar narxlarini keskin ko‘tarishi, keyin esa chegirmalar e’lon qilish orqali go‘yoki tovar narxlarining keskin tushirilgani to‘g‘risida reklamalar beradi, haqiqatda esa chegirmadagi tovar narxi eski narxdagi holatiga qaytarilib, go‘yoki 20-30 foiz chegirmalar qo‘llangandek taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.

Qo‘mita tovarlarni, mahsulotlarni chegirma bilan sotish holatlariga e’tiborliroq bo‘lish, tovarlarni sotib olishdan oldin uning sifati va nuqsonsiz ekanini tekshirishni unutmaslikka chaqirdi.

Iste’molchilar huquqini himoyalash organiga ko‘ra, tovarlarlarni chegirma bilan xarid qilishda to‘siq va muammolar yoki noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamalarni tarqatish holatlari kuzatilgan taqdirda, qo‘mitaning 1159 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

Reklama bannerida muzlatkich, chegirmada esa telefon quvvatlagich

Kun.uz oxirgi paytlarda ommaviylashgan har xil chegirmalar haqidagi ayrim holatlarga e’tibor qaratdi.

Xususan, bir maishiy texnika sotadigan do‘konlar tarmog‘i 80 foizgacha chegirma e’lon qilgan. Reklamadagi bannerda televizor, muzlatkich, changyutgich, dazmol va boshqa texnikalar ko‘rsatilib, go‘yoki shu mahsulotlarni 80 foizgacha arzonlashtirilgan narxda xarid qilish imkoniyati borligiga urg‘u berilgan. Amalda esa bu mahsulotlarga atigi 3-4 foizlik chegirmalar berilgani yoki umuman bunday imtiyozli narxlar mavjud emasligi oydinlashdi. Reklamada yozilgan 80 foizlik chegirma esa Power bank'ni quvvatlaydigan sim uchun mavjud bo‘lgan.

Boshqa holatda esa bir marketpleys (onlayn bozor)da katta chegirma e’lon qilingani, real holatda shartli 10 ming so‘mlik mahsulotning narxi 20 ming so‘mgacha shishirilgani va unga nisbatan 50 foizlik chegirma qo‘llanganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Umuman olganda, O‘zbekiston bozorida maishiy texnikalar, telefonlar bilan savdo qiluvchi tarmoqlarda raqobat darajasi sust emas, ya’ni barcha do‘konlarga deyarli bir-biriga juda yaqin narxlarda mahsulotlar yetib keladi. Shunday holatda ularning 70 yoki 80 foiz tugul, 20 foiz real chegirma elon qilishi ham haqiqatdan ancha yiroq.

Ma’lumot uchun, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilangan.

O‘zbekistonda reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish bilan bog‘liq munosabatlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Bu qonunning 16-moddasiga ko‘ra, nomaqbul (noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek ushbu qonun talablariga mos kelmaydigan holatlar) reklama berish taqiqlangan.

Mavzuga oid