O‘zbekiston | 15:11 / 22.12.2023
5651
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarini sotayotgan shaxslar ushlandi

Samarqand, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli ta’sir etuvchi dorilarni sotayotgan, Toshkent shahrida o‘tkazish uchun saqlab kelayotgan shaxslar qo‘lga olindi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning hududiy boshqarmalari DXX va IIIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda kuchli ta’sir etuvchi dorilarni sotayotgan shaxslar ushlangan.

Jumladan, departamentning Samarqand shahar bo‘limi va DXX hamda IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolar O.N. va A.S. ikki nafar fuqaroga 468 dona “Reduksin Layt” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorini 9 mln so‘mga, fuqarolar D.K. va B.S. fuqaro N.K.ga 186 dona “Zardeks” nomli dorini 6,5 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qamashi tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda “J.B.” dorixonasi sotuvchisi X.M. va “Sh.A.” MChJ dorixonasi sotuvchisi U.S. xaridorlar M.J. va U.S.ga 90 dona “Tebantin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorini sotgan vaqtida ushlangan.

Tekshiruv chog‘ida ushbu dorixonalardan jami 430 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi va Romiton tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “D.H.” va “K.B.” MChJlarga qarashli dorixona sotuvchilari D.R. va J.S. 2 nafar xaridorga 30 dona “Gabanerv” hamda 10 dona “Tebantin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorini sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Olmazor tuman bo‘limi va DXX hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.E. o‘z uyida 115 dona “Regapen”, 84 dona “Lirika” va 26 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid