O‘zbekiston | 18:00 / 25.12.2023
28028
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: “O‘zbekiston hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi”

“Mana ko‘ryapsizlar, internetda “O‘zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz” degan qandaydir chiqishlar bo‘lib ketdi. O‘zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi bundan keyin, bo‘lib bo‘ldi”, – deya rossiyalik harbiy siyosatchi Zaxar Prilepinning gaplariga munosabat bildirdi O‘zbekiston Senati raisi.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Mana ko‘ryapsizlar, internetda “O‘zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz”, degan qandaydir chiqishlar bo‘lib ketdi, to‘g‘rimi? O‘zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi bundan keyin, bo‘lib bo‘ldi. Sizlar buni bilasizlar, bu narsani sizlarga targ‘ibot qilishim kerak emas. Hammangizning yuragingizda shu bor”, – dedi Norboyeva 25 dekabr kuni Senat binosida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

“Nima uchun prezident jadidchilik harakatini oldinga surib, harakat qilyaptilar, shuni bilishsin. Har birimiz bilishimiz kerak. Chunki jadid ota-onalarimiz (ularning ichida ayollarimiz ham bo‘lgan, shundan xursand bo‘ldim) o‘y-xayolimiz ham, ishimiz ham bir xil bo‘lsin deyishgan. Shularning hammasi bir xil bo‘lishi kerak, har xil narsalardan [saqlanib] o‘zimiz yorug‘likka chiqishimiz, zamonaviy ilm-fan, kasb-hunarlarni egallashga da’vat qilgan”, – dedi Tanzila Norboyeva.

Avvalroq “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin Moskvadagi matbuot anjumanida O‘zbekistonning qariyb ikki million fuqarosi Rossiyada ishlayotgani go‘yoki RFga O‘zbekistonni o‘z tarkibiga qo‘shib olish imkonini berishini aytib chiqqan edi.

Bunga javoban O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Toshkentdagi elchisi chaqirtirib, bunaqa bayonotlar ikki davlat munosabatlariga salbiy ta’sir qilishini bildirgan. Holatga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham izoh berib, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari suverenitetni hurmat qilish asosiga qurilgani, Prilepinning gaplari uning shaxsiy fikri ekanini bildirdi. Ammo Rossiya tomoni bu chiqishni qoralamadi.

O‘zbekistonliklar bunday chiqishlarga dadilroq va keskinroq javob qaytarish, Prilepinga nisbatan O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishga ochiqdan ochiq da’vat etish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa choralarni ko‘rishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid