Jamiyat | 15:30 / 25.12.2023
16316
3 daqiqa o‘qiladi

Xonobod mikro GeS foydalanishga topshirildi

Mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatidan oqilona va samarali foydalanish, kichik oqimdagi suvlardan unumli foydalanish, toza va arzon elektr energiya manbasini ishlab chiqarishga bo‘lgan talab oshib bormoqda.

Photo: O‘zbekgidroenergo

Bu borada, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatimiz gidroenergetika quvvatini hamda toza va arzon yashil elektr energiya manbasini ishlab chiqarishni yanada oshirish yo‘nalishida izchil amaliy faoliyat olib borilmoqda.

Bugun, 25 dekabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida yangidan barpo etilgan Xonobod mikro GESning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Andijon viloyat va Xonobod shahri hokimligi vakillari, “O‘zbekgidroenergo” AJ mas’ul rahbarlari, hududiy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Xonobod shahri O‘ng qirg‘oq kanali PK-37da barpo etilgan ushbu mikro GES O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 17 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli qaroriga muvofiq jamiyatning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan bo‘lib, buyurtmachi tizim tashkiloti hisoblangan “1-son Qurilish direksiyasi” UK bo‘ldi. Yana bir tizim tashkiloti – “Gidroproyekt” AJ tomonidan asosiy loyihalashtirish ishlari bajarildi.

Mazkur mikro GESning quvvati 650 kVt, o‘rtacha yillik 3,6 mln kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Mazkur mikro GESda har birining quvvati 325 kVtdan bo‘lgan 2 ta gorizontal “Kaplan” turidagi S-turbinali gidroagregatlar o‘rnatilgan. Bu turdagi agregatlar respublikamizda birinchi marta o‘rnatildi. Afzalligi – mikro GES 6 m3/s suv sarfi bilan to‘liq quvvatda ishlasa-da, lekin bitta agregat atiga 1 m3/s suv bilan ham elektr energiya ishlab chiqaradi.

Xonobod mikro GES ishga tushishi natijasida mahallabay tizim orqali Teyit hamda Yangi hayot mahallasining qariyb 1 500 xonadoni elektr energiya bilan ta’minlanadi.

Shu bilan birga, bir yilda o‘rtacha 1 mln m3 tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

GESda barcha uskunalar mahalliy ishlab chiqarish doirasida o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJda GES uchun zaruriy bo‘lgan barcha jihozlar ishlab chiqarildi.

Gidroenergetika sohasining rivoji mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish barobarida, yangi qurilayotgan GESlar joylashgan hududlarning aholisi turmushi farovonligining oshishiga, xonadonlarning yanada nurafshon bo‘lishiga xizmat qiladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid