O‘zbekiston | 18:21 / 27.12.2023
40408
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari 8,5 yilga qamaldi

Rustam Pardayev muqaddam Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, shuningdek Denov va Qiziriq tumanlariga hokimlik qilgan.

Foto: Kun.uz

2023 yil 7 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi binosida ochiq sud majlisida (raislik qiluvchi O.Begimqulov) jinoyat ishini ko‘rib chiqqan.

Sud ishida Rustam Ubodullayevich Pardayev O‘zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi, 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Rustam Ubodullayevich Pardayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 2 yil-u 6 oy muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi, jazoni o‘tash muddati 2023 yil 5 iyul kunidan boshlab hisoblanishi belgilandi.

Ma’lumot uchun, Rustam Pardayev JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi, 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 28,209-moddasi 2-qismi «a» bandi, 228-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblangan edi.

Oliy sud xabariga ko‘ra, hozirgi kunda R. Pardayev va uning himoyachilari tomonidan birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyatsiya tartibida berilgan shikoyati Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rish uchun rasmiylashtirilmoqda.

  • Rustam Pardayev – 1979 yil 7 aprel kuni Qiziriq tumanida tug‘ilgan. Muqaddam turli yillarda «Mikrokreditbank» ochiq aksiyadorlik tijorat banki Jarqo‘rg‘on tumani, Surxondaryo viloyati filiallari rahbari, viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
  • 2019 yil mayidan 2020 yil noyabriga qadar Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2020 yil oxiridan 2022 yil boshiga qadar Denov tumani hokimi lavozimida, 2022 yil fevralidan Qiziriq tumani hokimi lavozimida ishlay boshlagan, Surxondaryo viloyati hokimi o‘zgargach, 2023 yil yanvarida boshqa o‘ndan ortiq hokim qatori ishdan olingan, so‘nggi vaqtlarda «O‘zagrosug‘urta» AJ Surxondaryo viloyat filiali boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid