Fan-texnika | 22:53 / 28.12.2023
28036
2 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi SU7 elektromobili rasman taqdim etildi 

Kompaniya smartfonlar bozorini qanday egallagan bo‘lsa, elektromobil bozorida ham shunday muvaffaqiyat qozonmoqchi. 

28 dekabr kuni Xitoyning Xiaomi kompaniyasi o‘zining ilk SU7 elektromobilini rasman taqdim etdi. Uning tasvirlari ilgari internetda paydo bo‘lgan edi. 

SU7 besh o‘rindiqli sedan bo‘lib, davlatga tegishli Beijing Automotive (BAIC) bilan hamkorlikda yaratilgan. Model nomidagi harflar «Speed Ultra» degan ma’noni anglatadi. 

Model ikkita versiyada ishlab chiqariladi:

- Xiaomi SU7: 299 ot kuchiga ega bitta dvigatelli, 100 km/soat tezlikka 5,28 soniyada erishadi, maksimal tezligi 210 km/soat, to‘liq quvvatda 668 km masofani bosadi.

- Xiaomi SU7 Max: ikkita 673 ot kuchiga ega dvigatelli, 100 km/soat tezlikka 2,78 soniyada erishadi, maksimal tezligi 265 km/soat, to‘liq quvvatda 800 km masofani bosadi. 

Elektr quvvati Xitoy bozori yetakchilari Contemporary Amperex Technology va BYD akkumulyatorlari bilan ta’minlanadi. Tezkor quvvatlantirish imkoniyati bor: 220 km masofani bosib o‘tish uchun 5 daqiqa, 510 km uchun esa 15 daqiqa kifoya qiladi. 

Barcha elektronika HyperOS tizimida ishlaydi, u Xiaomi smartfonlari bilan integratsiyalashgan. 

Salondagi asosiy multimedia ekrani diagonali 16,1 dyuym va o‘lchami 3K. Rul chambaragi orqasida qo‘shimcha 7,1 dyuymli displey ham mavjud. Orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun Xiaomi Pad va iPad uchun qulay o‘rnatish moslamalari mavjud. 

Xiaomi kompaniyasi 15-20 yil ichida elektromobillar bozorida yetakchiga aylanishga, shuningdek, Tesla va Porsche bilan raqobatlashishga umid qilmoqda.

Kompaniya hozircha narxlar va sotuvning boshlanish sanasini oshkor qilmadi.

Mavzuga oid