Jahon | 09:27 / 31.12.2023
18046
15 daqiqa o‘qiladi

Velosipeddan boshlangan biznes – KIA kompaniyasi qanday rivojlangandi?

Janubiy Koreyaning yirik avtomobilsozlik kompaniyasi hisoblanadigan KIA Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan kezlarda tashkil etilgan. Ishlab chiqarishni velosipedlardan boshlagan kompaniya, ko‘p o‘tmay mototsikllar tayyorlashga o‘tadi. Keyinchalik avtomobil ishlab chiqara boshlaydi. Bugun KIA Motors dunyoning taniqli brendiga aylanib ulgurgan.

Bugun dunyo avtomobilsozlari orasida Janubiy Koreya kompaniyalari ham o‘z o‘rniga ega. Bu davlatda avtomobilsozlik 1960-yillarda boshlangan bo‘lsa-da, 1980-90 yillarga kelib Koreyada ishlab chiqarilgan mashinalar dunyoning turli davlatlariga kirib borgan edi.

Bugun Koreya avtomobilsozlari orasida Hyundai Motor Company va KIA Motors alohida ajralib turadi. Hyundai Motor Company Janubiy Koreyadagi avtomobillar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniya hisoblansa, KIA Motors ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Biroq bugun KIA Motors mustaqil kompaniya hisoblanmaydi. U Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi.

1990-yillarning ikkinchi yarmida Osiyoda iqtisodiy inqiroz yuz beradi. O‘shanda KIA Motors Korporation kompaniyasiga bankrotlik xavf soladi. Shunda uni Hyundai sotib oladi va brendni ham saqlab qoladi.

Ma’lumot uchun, o‘shanda Koreyaning yana bir yirik avtomobilsozlik kompaniyasi bo‘lgan Daewoo Motors ham bankrotlik yoqasiga kelib qolgandi. O‘shanda bu kompaniyani Amerikaning General Motors kompaniyasi sotib oladi va Daewoo brendidan voz kechadi.

Bugun Daewoo brendi ostida yengil avtomobillar ishlab chiqarilmaydi. Faqat avtobuslar va tijorat avtomobillari tayyorlanadi. Daewoo Motors kompaniyasidan farqli ravishda KIA Motors o‘z brendini saqlab qolgan.

KIA va Hyunday kompaniyalarining bosh ofislari yonma-yon joylashgan
media.daum.net

Kompaniya tarixi

Bugun KIA Motors Korporation deb nomlangan kompaniya 1944 yilda tashkil etilgan va o‘shanda uning nomi KyungSung Precision Industry bo‘lgan.

Kompaniya ishni velosipedlarni ta’mirlash uchun kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlar ishlab chiqargan. O‘sha paytda velosipedlarning o‘zini ishlab chiqarishning iloji yo‘q edi.

Chunki Koreyada malakali ishchilar yetishmas, buning ustiga velosiped va boshqa transport vositalarining asosiy ehtiyot qismlari xorijdan, asosan Yaponiyadan kelardi.

1944 yilda Yaponiya sanoati to‘liq armiya uchun ishlar, shu sababli turli transport vositalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish to‘xtab qolgandi.

Aslida ana shu taqchillik uchun ham KyungSung Precision Industry kompaniyasi tashkil etilgan va Yaponiyadan keladigan ayrim ehtiyot qismlarni Koreyada ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi.

1945 yilda ikkinchi jahon urushi tugaydi. Muvaffaqiyat bilan ishlagan kompaniya 1946 yilda xorijdan ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan bir qator uskunalar sotib oladi va velosipedlar ishlab chiqara boshlaydi.

 

KyungSung Precision Industry kompaniyaining velosiped yig‘uv korxonasi
kia-buzz.com

1940-yillarning oxiri Koreya yarimoroli uchun juda notinch kechadi. Yarimorol shimolini SSSR, janubini AQSh o‘z nazoratiga olgan va u yerda har ikki davlat armiyasi joylashtirilgandi.

1950 yilda notinchlik oxir-oqibat fuqarolar urushiga aylanadi. Shimolliklar sovetlar yordamida sotsialistik tuzum, janubliklar esa AQSh yordamida kapitalistik tuzum o‘rnatishni xohlardi.

Urush 3 yil davom etadi va 1953 yil 27 iyul kuni sulh tuziladi. 38-parallel bo‘ylab chegara o‘tkaziladi. Shu tariqa Koreya yarimorolida ikkita davlat paydo bo‘ladi.

Shundan so‘ng KyungSung Precision Industry kompaniyasi o‘z nomini «KIA Industrial Company» deb o‘zgartirgan holda Janubiy Koreyada velosiped ishlab chiqara boshlaydi.

O‘sha paytda fuqarolar urushi tufayli iqtisodiy vaziyat tang, odamlarda pul kam, shu uchun ikki oyoqli transport vositasiga talab juda yuqori edi. Kompaniya ishlab chiqarish sur’atini oshiradi va 1955 yilda ikkinchi zavodni ochadi.

1957 yilda kompaniya ilk motorolleri taqdimotini o‘tkazadi. 1960 yilga kelib Janubiy Koreya ancha o‘zini o‘nglab oladi, odamlarning daromadi oshadi. Shu sababli kompaniya mototsikllar ishlab chiqarishga o‘tadi. Ilk mototsikl – S-100 modeli 1961 yilda konveyerdan chiqadi.

«KIA Industrial Company» kompaniyasi ishlab chiqargan mototsikllar
www.kia-tilburg.nl

1962 yilda kompaniya uch g‘ildirakli kichik yuk tashuvchi mashinasini ishlab chiqaradi. O‘sha paytda Janubiy Koreyada bunday ixcham yuk transportiga talab juda yuqori edi.

1971 yilda kompaniya ikki xil turdagi to‘rt g‘ildirakli yuk mashinasini ishlab chiqara boshlaydi. Bular – KIA Titan va KIA Boxer modellari edi.

O‘sha yili Yaponiyaning «Mazda» kompaniyasi bilan hamkorlikda yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolanadi.

1972 yilda kompaniya Janubiy Koreya hukumatidan yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya oladi. Shundan so‘ng kompaniya «Mazda» bilan hamkorlikda dvigatel ishlab chiqaruvchi zavodni qura boshlaydi.

Kompaniya benzin yoqilg‘isida harakatlanuvchi ilk dvigatelini 1973 yilda ishlab chiqaradi. 1974 yilda kompaniya KIA Brisa deb nomlangan birinchi avtomobilini ommaga taqdim etadi. Shuningdek, Mazda 323 avtomobillarini yig‘ish ham yo‘lga qo‘yiladi.

«KIA Industrial Company» tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi avtomobil - KIA Brisa
ja.wikipedia.org

Ko‘p o‘tmay kompaniya yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi «Asia Motors» kompaniyasini sotib oladi. Bundan tashqari, yana ikkita shu’ba korxonasi tashkil etiladi.

KIA mashinalari Janubiy Koreya va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida muvaffaqiyatli sotila boshlagach, kompaniya yevropalik avtomobilsozlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

1978 yilda Fransiyaning Peugeot kompaniyasi bilan Peugeot-604, Italiyaning Fiat kompaniyasi bilan Fiat-132 avtomobillarini faqat Janubiy Koreya uchun ishlab chiqarish litsenziyasini sotib oladi.

Oradan bir yil o‘tgach har ikki mashina Janubiy Koreyada sotuvga chiqadi. Shuningdek, kompaniya o‘z modellari uchun dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi dvigatellarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

«KIA Industrial Company» tomonidan 1960-yillarda ishlab chiqarilgan uch g‘ildirakli ixcham yuk mashinasi
kia.pl

O‘zini oqlamagan tavakkal va Amerika bozoriga yo‘l

1981 yilda «KIA Industrial Company» yengil avtomobillar ishlab chiqarishdan voz kechadi. O‘shanda kompaniya faqat tijoriy avtomobillarini ishlab chiqarishini e’lon qiladi.

Ko‘p o‘tmay Bongo bazasida ishlab chiqarilgan kichik yuk mashinasi, pikap va mikroavtobuslarning taqdimotini o‘tkazadi.

1983 yilda KIA Ceres nomi ostida yangi modeldagi kichik yuk mashinasini ishlab chiqara boshlaydi.

1990-yillar boshida ishlab chiqarilgan KIA Ceres
https://ucars.pro/

O‘sha yili kompaniya aksiyalarining bir qismini Yaponiyaning «Mazda» kompaniyasi sotib oladi. Shundan so‘ng yaponlar yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tiklashga qaror qiladi.

O‘sha paytda bu qaror o‘z vaqtida qabul qilingan edi. Chunki yengil avtomobillardan voz kechib, faqat kichik yuk mashinalarini tayyorlayotgan kompaniyaning savdo ko‘rsatkichlari tushib ketgan, moliyaviy holat juda yomon edi.

«Mazda» kompaniyasi yordamida olingan yangi uskunalar bilan kompaniya yengil avtomobillarning bir nechta modellarini tayyorlay boshlaydi.

1987 yilda Mazda-121 modeli shassisi asosida kam sarfli KIA Pride avtomobili savdoga chiqariladi va muvaffaqiyat bilan sotiladi.

Shundan so‘ng yana kompaniyaning ishlari yurishib, moliyaviy ahvol biroz barqarorlashadi. 1988 yilda kompaniya o‘zining millioninchi mashinasini ishlab chiqaradi.

1990-yillarda ishlab chiqarilgan Kia Pride. Bu mashina uch va besh eshikli qilib tayyorlangan.
en.autowp.ru

Shu bilan birga kompaniya kichik yuk mashinalarini ishlab chiqarishni ham to‘xtatib qo‘ymaydi. 1988 yilda ikkita yangi model – KIA Rhino va KIA Trade kichik yuk mashinalari va KIA Besta mikroavtobusi sotuvga chiqariladi.

1990-yillar boshida kompaniya kengayadi va bir nechta yangi ishlab chiqarish zavodlarini ochadi. Shu bilan birga kompaniya o‘z nomini «KIA Motors Corporation» deb o‘zgartiradi. Shundan so‘ng KIA o‘z avtomobillarini Yevropa davlatlariga ham eksport qila boshlaydi.

1991 yilda ikkita yangi model – KIA Sportage va KIA Sephia nomli avtomobillar ishlab chiqarila boshlanadi.

Bu ikki mashina dunyoning juda ko‘p davlatlarida muvaffaqiyatli sotiladi. KIA Sportage dunyoning bir nechta nufuzli reytinglarida dunyoning eng yaxshi avtomobili nominatsiyasini qo‘lga kiritadi.

«KIA Motors Corporation» Amerika bozoriga nisbatan ancha kech, 1990-yillar boshida kirib keladi. 1992 yilda kompaniya AQShdagi o‘zining birinchi rasmiy vakillik ofisini ochadi.

1,6 litr hajmli, 80 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan KIA Sephia mashinasi Amerikada yaxshi sotiladi. Shuningdek, kompaniya kam sarfli KIA Avella modelini ham ishlab chiqara boshlaydi va uning ham Amerikada bozori chaqqon bo‘ladi.

1991 yildan ishlab chiqarila boshlangan KIA Sephia
www.kia-tilburg.nl

Bankrotlik xavfi

1997 yilda Osiyoda kuchli iqtisodiy inqiroz yuz beradi va uning to‘lqinidan Janubiy Koreya kompaniyalari ham juda katta zarar ko‘radi.

Bir qator avtomobilsozlik kompaniyalari qatorida «KIA Motors Corporation»ga ham bankrotlik jiddiy xavf sola boshlaydi. Kompaniya rahbarlari uni sotuvga qo‘yishadi.

Agar o‘shanda kompaniya aksiyalarining nazorat paketini hech kim sotib olmasa, kompaniya bankrot bo‘lishi va yopilib ketishi aniq edi. Biroq bunday bo‘lmaydi.

Janubiy Koreyaning boshqa bir avtomobilsozlik kompaniyasi «Hyundai» 1998 yilda «KIA Motors Corporation»ga tegishli aksiyalarning nazorat paketini xarid qiladi va kompaniyani bankrotlikdan qutqarib qoladi.

1999 yilda «Hyundai» rahbariyati «Hyundai KIA Automotive Group» kompaniyasi tuzilganini e’lon qiladi va KIA brendini saqlab qoladi.

2001 yilda kompaniya KIA Pride va KIA Avella modellarining yangilangan variantlarini taqdim etadi. Shuningdek, KIA Sephia-2 va Clarus II modellari ishlab chiqarila boshlanadi.

2002 yilda kompaniya o‘zining 10 millioninchi avtomobilini ishlab chiqaradi. O‘sha paytda KIA Optima, KIA Regal va KIA Sorento, 2003 yilda esa oilaviy KIA Cerato, hashamatli KIA Magentis va KIA Opirus modellarini ommaga taqdim etadi.

Hashamatli KIA Opirus modeli
dealerzy.maxiauto.pl

Oradan ikki yil o‘tib, 2004 yilda kompaniya o‘zining 5 millioninchi avtomobilini eksport qiladi.

2006 yilda kompaniya «Audi» va «Volkswagen» kompaniyalarida ishlagan taniqli dizayner Peter Shrayyerni ishga taklif etadi. Shundan so‘ng KIA ishlab chiqarayotgan mashinalarning ko‘rinishi ancha o‘zgaradi.

Natijada 2008-2001 yillar oralig‘ida savdo ko‘rsatkichlari keskin oshadi va kompaniya yiliga 2,5 million dona mashina ishlab chiqara boshlaydi.

Bu xizmatlari evaziga Peter Shrayyer KIA prezidentining dizayn bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanadi va kompaniyada yuqori lavozimni egallagan birinchi xorijlik shaxsga aylanadi.

2013 yilda KIA yangi Niro krossoverini ommaga taqdim etadi. 2015 yildan boshlab u seriyali ishlab chiqarila boshlanadi va Nissan Juke, Opel Mokka va Renault Captur kabi modellarga jiddiy raqobatchi bo‘ladi.

2015 yilda KIA Sportage yo‘ltanlamasining yangilangan varianti tayyorlana boshlanadi. U Hyundai Tucson yo‘ltanlamasi bazasida ishlab chiqariladi. Ushbu mashina 1,2, 1,6 va 2 litrli 132 dan 245 ot kuchigacha bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlangan.

2015 yilda yangilangan KIA Sportage
www.iol.co.za:80

Kompaniya ko‘rsatkichlari

KIA Corporation hozirgi paytda ham Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi. So‘nggi yillarda KIA Corporation’ning aylanma mablag‘i 70 mlrd, sof foydasi esa 4-5 mlrd dollar atrofida bo‘lyapti.

Kompaniya Forbes nashrining «Forbes Global 2000» reytingida 2022 yilda dunyo kompaniyalari orasida yirikligi bo‘yicha 283-o‘rinni egallagan.

Bugun KIA Corporation’ning Koreyada uchta yirik zavodi bor va ularda yiliga qariyb 1,5 mln dona avtomobil ishlab chiqarilmoqda.

Jumladan, Kvanmyon shahridagi zavodda yiliga 320 mingdan oshiq, Xvasondagi zavodda 550 ming atrofida, Kanjudagi zavodda 500 ming dona atrofida mashina chiqariladi. Hozirda kompaniya korxonalarida 50 mingdan oshiq odam mehnat qilmoqda.

Bundan tashqari, KIA Corporation’ning Xitoydagi zavodida yiliga qariyb 800 ming dona, Slovakiyada 350 mingga yaqin, AQShda 350 ming atrofida, Meksikada 400 mingdan oshiq, Hindistonda 350 ming atrofida avtomobil ishlab chiqarilmoqda.

KIA SORENTO
hvg.hu

Kompaniya 2021 yilda qariyb 3 mln, 2022 yilda qariyb 2,9 mln dona mashina sotgan. Joriy yilning 11 oyida 2,8 mln dona mashina sotgan. Umumiy hisobda esa KIA mashinalari dunyoning 170 ta davlatida sotilmoqda.

Kompaniya mashinalarining 30 foizdan sal ko‘prog‘i Janubiy Koreyada, 35 foizga yaqini Shimoliy Amerikada, qariyb 29 foizi Yevropada, qolgani Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlarda sotilgan.

KIA Corporation’ning bosh ofisi Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida joylashgan. Kompaniya hozirda qariyb 30 dan ortiq turli modeldagi yengil va tijoriy avtomobillardan tashqari avtobuslar ham ishlab chiqaradi.

Kompaniya o‘z avtobuslarini Mazda, Hino Motors va Toyota kompaniyalarida tayyorlangan avtobuslar bazasida ishlab chiqaradi.

Jumladan, 8-11 o‘rindiqli KIA Besta, KIA Pregio mikroavtobuslari bilan birgalikda 20-25 o‘rindiqli KIA Kombi oilaviy avtobusi va 35 o‘rindiqli KIA Cosmos, 45-47 o‘rindiqli KIA Granbird avtobuslarini ham ishlab chiqaradi.

Kia Granbird avtobusi
wikipedia.org

Bugun ko‘plab yengil avtomobillar bilan birga kompaniyaning KIA Carens, KIA Joice va KIA Carnival minivenlari juda mashhur. Ayniqsa, ilk marta 1999 yilda Germaniyaning Frankfurt shahridagi avtosalonda namoyish etilgan va o‘shandan buyon yangilangan holda ishlab chiqarib kelinayotgan KIA Carnival avtoishqibozlarning mehrini qozongan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda «ADM Jizzakh» zavodida ham bir necha turdagi KIA mashinalari ishlab chiqarilmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid