Iqtisodiyot | 12:07 / 12.01.2024
8698
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrosiyo bankiga O‘zbekistonda litsenziya berildi

Qozog‘istonning Yevrosiyo bankiga O‘zbekistonda bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi. Bank ta’sischilaridan biri asli o‘zbekistonlik tadbirkor Fattoh Shodiyev hisoblanadi.

Foto: Kapital.kz

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi Toshkent shahrida “Yevrosiyo banki” aksiyadorlik jamiyatini ro‘yxatdan o‘tkazish va unga bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi. Shu tariqa O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun litsenziyasi bor banklar soni 36 taga yetdi.

Ma’lumot uchun, Yevrosiyo banki 1994 yilda ochilgan bo‘lib, bosh ofisi Olmaota shahrida joylashgan. 2023 yil 1 noyabr holatiga bank Qozog‘istonda 19 ta hududiy filialga ega.

“Forbes Qozog‘iston” saytida ko‘rsatilishicha, bank aksiyalarining 100 foizi “Yevrosiyo moliya kompaniyasi” AJga tegishli bo‘lib, uning yakuniy benefitsiarlari Ibragimovlar oilasi hamda tadbirkorlar Aleksandr Mashkevich va Fattoh Shodiyev hisoblanadi.

Avvalroq, O‘zbekistondagi yana bir bank – “O‘zagroeksportbank”ning ham 100 foiz ulushi Fattoh Shodiyevning qarindoshi Olimjon Shodiyev tomonidan 5 mln dollarga sotib olingandi. Bank xususiylashtirilgach, uning nomi AVO bank etib o‘zgartirildi.

Mavzuga oid