O‘zbekiston | 15:01 / 13.01.2024
10804
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik kurer Latviya restoranlarida pianino chalib mashhur bo‘ldi

Latviya poytaxti Riga shahrida Wolt yetkazib berish xizmatining o‘zbekistonlik xodimi Hasan Azlarov birdaniga mashhur bo‘lib ketdi. Bunga uning pianino chalishi sabab bo‘lgan.

Foto: Hasan Azlarov

Hasan Azlarov buyurtmani kutish vaqtida restoranlarda pianino chalib turgan. Uning navbatdagi ijrosini restoranda ovqatlanib o‘tirgan mijozlardan biri videoga olib, internetga joylagan va yigit ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketgan.

Shundan so‘ng Latviya ommaviy axborot vositalari Hasanga e’tibor qaratib, restoranlarda musiqa chaladigan toshkentlik kurer haqda yoza boshlagan. Bir necha kun oldin u haqda Latviya televideniyesining «Bugun tunda» dasturida reportaj namoyish etildi.

Reportajda Hasan egizagi Husan bilan poytaxtdagi mashhur Glier nomidagi maxsus musiqa maktabida tahsil olgani, restoranlarda musiqalardan uzoqlashib ketmaslik uchun pianino chalib turishi haqida gapirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Hasan Toshkentdagi Teatr institutining televideniye va kino rejissyorligi fakultetini tamomlagan. 2021 yilda u Latviya Axborot tizimlari menejmenti universiteti (ISMA)ning magistratura bosqichiga o‘qishga kirgan.

Darsdan bo‘sh vaqtlarida avval novvoy bo‘lib, keyinchalik esa yetkazib berish xizmatida ishlagan. Hasanning aytishicha, egizi Husan Toshkent konservatoriyasini tamomlagach AQShga ketgan, hozir shu davlatda yashaydi.

Hasan 2023 yil bahorida o‘qishni bitirib, Toshkentga qaytgan va yozning oxirida ishlash uchun Latviyaga qaytgan. Biroq unga ish taklif qilgan kompaniya endi ishga ololmasligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng u yetkazib berish kompaniyasida ishlay boshlagan.

Hasan ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgach unga Rigadagi restoranlardan birida pianinochi bo‘lib ishlash taklifi tushgan. U o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanishi, xalq oldida chiqish qilishidan xursand.

Mavzuga oid