Jahon | 14:09 / 14.01.2024
17268
17 daqiqa o‘qiladi

Hindiston global kuchga aylanyaptimi?

Global janub liderlaridan biri Hindiston barqaror o‘sish zinasidan to‘xtamay ildamlayapti. Xo‘sh, Dehlining katta kuch markazlari bilan munosabatlari qanday shakllangan? Hindiston tashqi siyosatida yumshoq kuchning ahamiyati qanday? Hindiston – Markaziy Osiyo munosabatlari qaysi manfaatlarga asoslanadi?

“Geosiyosat” mavzuning shu kabi nuqtalarini siyosiy tahlilchi Nargiza Umarova va sharqshunos tahlilchilar klubi a’zosi Zilola Ahmedova bilan tahlil qildi.

— Ma’lumki, Hindiston iqtisodiy va harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoning top beshligidan o‘rin olgan. Hindiston bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi?

Nargiza Umarova: — Haqiqatan ham Hindiston qudrati oshib bormoqda, asosan iqtisodiyot va harbiy sohada shunday bo‘lyapti. Bu ham bo‘lsa Hindiston xalqaro maydonda mintaqaviy o‘yinchidan global o‘yinchi darajasiga ko‘tarilib borishi bilan bog‘liq. Ba’zi ekspertlar Hindiston global o‘yinchi emas, deyishadi, ammo shaxsan men global o‘yinchi deb o‘ylayman bir nechta parametrlar bo‘yicha.

Harbiy qudrat oshishi iqtisodiyot o‘sishi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda Hindiston eng ko‘p aholiga ega davlat. To‘g‘ri, dunyo iqtisodiyotidagi ulushi AQSh va Xitoyga nisbatan kam, ammo iqtisodiy o‘sish tempi bo‘yicha juda katta ko‘rsatkichga ega. O‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 6 foizdan ortiq bo‘lgan. Agar shu tempda davom etadigan bo‘lsa, yaqin 10 yil ichida Hindiston dunyoning uchinchi iqtisodiy qudratiga aylanishi mumkin. 2070–2075-yillarda demografik o‘sish yuqorilagan paytda esa dunyoning ikkinchi, hatto birinchi iqtisodiy kuchiga aylanishi mumkin, degan tahlillar mavjud.

Umuman, Hindiston qanday global o‘yinchi? U dunyoda krizis o‘choqlarini yaratadigan o‘yinchi emas. Ammo iqtisodiy o‘sish evaziga harbiy qudrat ham oshib bormoqda, bu normal holat. Ambitsiyalari kuchaygan davlatni tiyib turishga bo‘lgan harakatlar ham bo‘ladi, shuning uchun harbiy qudrat xam oshirilmoqda. Ammo Hindiston harbiy texnika va qurol-yarog‘larni mustaqil ishlab chiqarayotgani yo‘q.

Zilola Ahmedova: — Hindiston murakkab mintaqada joylashgan. Uzoq muddatdan beri davom etayotgan Pokiston bilan nizolar, Xitoy bilan chegaradagi muammolar harbiy sohaga katta e’tibor qaratishga majbur qiladi. Yildan yilga harbiy sohaga ko‘proq mablag‘ ajratyapti, bu yil ham 13 foizga oshib, 74 mlrd dollar ajratgan. Mudofaa sanoatiga ham e’tibor bo‘lyapti, 18 ta korxona harbiy texnikalar ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, harbiy salohiyati yuqori davlatlar bilan hamkorlikka ham e’tibor qaratadi, ya’ni Rossiya, AQSh, Isroil kabi. Yana bir imkoniyat omili demografiya, 2023 yil yanvar holatiga ko‘ra, Hindistonda harbiy xizmatga yaroqlilar soni 47 foiz, faol askarlar soni esa 1,5 mln.

— Hindiston tashqi siyosatida “yumshoq kuch”ning ahamiyati qanday? Qolgan davlatlardan qanday o‘ziga xos xususiyati bilan ajralib turadi?

Nargiza Umarova: — Hindiston ko‘proq “yumshoq kuch” ishlatuvchi davlat hisoblanadi. U o‘z diplomatiyasini ohista olib boradi. Masalan, oxirgi 5-6 yil davomida tizimli ravishda Markaziy Osiyodagi ta’sirini oshirishga harakat qildi, bunday harakatlar 90-yillarda ham bo‘lgan edi. Hindistonda 2019 yildan beri Markaziy Osiyo bilan bog‘lanish dasturi bor, shu dastur asosida mintaqamiz davlatlari bilan muloqot olib borgan. Umuman, Hindiston Markaziy Osiyodagi ishtirokida hech qanday harbiy tahdid qilmaydi, faqat iqtisodiy hamkorlikni ko‘zlaydi.

Hindiston iqtisodiyotining yana bir muhim lokomativlaridan biri kino sohasi hisoblanadi. Bu bo‘yicha jiddiy tahlillar bor, rostdan ham katta ulushi bor kinoning. Kino esa “yumshoq kuch” vositasi hisoblanadi. Xitoy bilan solishtirganda, Hindiston “yumshoq kuch” an’anaviy vositalaridan ko‘proq foydalanadi, ya’ni til, madaniyat, etnik yaqinlik kabilar. Xitoy esa “yumshoq kuch”ga boshqacha ta’rif beradi va iqtisodiy loyihalarni ham “yumshoq kuch” vositasi sifatida qabul qiladi.

Zilola Ahmedova: — “Yumshoq kuch” biror millatning asrlar davomida shakllangan obrazi degani. Bugungi axborot inqilobi davrida inson ongini zabt etish orqali mamlakat milliy manfaatlarini eksport qilishadi va bunga alohida e’tibor berishadi.

“Yumshoq kuch”ning 3 asosiy manbasi bor: madaniyat, siyosiy qadriyatlar, tashqi siyosat. Hindiston bu uchalasi bo‘yicha ham poydevorga ega. Hindiston bir millat ichida turli madaniyatlarni mujassamlashtirgan davlatdir, bu esa xalqaro hamjamiyat uchun jozibali.

Keyingi omil Bollivud, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Filmlar insonga ta’sir qiluvchi kuchli vosita. Masalan, kichik yoshli bola ham AQShni kuchli davlat deb biladi, chunki kinolar orqali shuni ko‘rgan. Xuddi shu kabi hind filmlari orqali Hindiston madaniyati kirib boradi.

Bundan tashqari, yana bir muhim omil uning diasporasi. Hindistonning 30 mlndan ortiq diasporasi mavjud. Britaniya bosh vaziri, AQSh vitse-prezidenti, boshqa katta biznesmenlar va olimlar ham bunga misol bo‘la oladi.

Hindiston yogasi, meditatsiyasi kabilar jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinadi doim.

Keyingisi esa demokratiya. Hindiston dunyodagi eng yirik demokratik davlatlardan biri hisoblanadi. Birgina konstitutsiyasida 27 til bor.

Injyenering, ta’lim, IT sohalaridagi yutuqlari ham ko‘plab yoshlarni, investorlarni Hindistonga jalb qiladi. Iqtisodiy o‘sish investitsiya kirishi va o‘zi investor davlatga aylanishiga imkon yaratadi. Hindiston bugun import qiluvchi davlat sifatida 6-o‘rinda, eksport qilishda 9-o‘rinda turadi.

Tashqi siyosatda kam ziddiyatlarga boruvchi, asosan hamkor davlat sifatida ko‘rsata olgan. Ba’zi davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatilganda fuqarolarda bu davlat yerimizni olib qo‘yadi, yaxshi niyatda emas, degan qo‘rquv paydo bo‘ladi. Ammo Hindistonga nisbatan bunday qarash bo‘lmaydi, do‘st mamlakat sifatida imijini shakllantirgan.

— Global janub konsepsiyasida Hindiston yetakchi bo‘la oladimi? Bunga qanday omillar to‘siq bo‘lishi mumkin? Hindistonning katta kuch markazlari bilan munosabatlari qanday shakllangan?

Nargiza Umarova: — Global janubda kim lider bo‘ladi, liderlar soni nechta bo‘ladi, degan masala ochiq turibdi. Har holda, Hindiston harakat qilyapti bunga. Hali global janub konsepsiyasida qanday mazmun kiritilayotgani ham so‘roq asosida. Bu tushuncha atrofida Xitoy, Rossiya kabi davlatlar AQSh va G‘arbga opponent sifatida birlashyapti. Xitoy ham bu konsepsiyada o‘zini lider sifatida ko‘rsatishga urinyapti, Rossiya ham.

2023 yilda Hindiston global janub liderlaridan biri sifatida o‘zini ko‘rsata oldi. 25 yanvarda global janub ovozi sammitiga boshchilik qiladi. Keyingi shu formatdagi sammit noyabrda bo‘ldi. G20 davlatlari sammiti Nyu-Dehlida bo‘ldi, bu ham qo‘shimcha bonus bo‘ldi.

Global janub konsepsiyasini Xitoy ham, Hindiston ham ilgari suryapti. Ular dunyo tartibotini o‘zgartirishni ilgari suryapti, pozitsiyalari o‘xshash. Ammo bu ikki davlat bir-biriga strategik raqib hisoblanadi. Global Janub konsepsiyasida ikki davlat hali u qadar qudratli bo‘lmagan davlatlarni o‘z atrofiga tortyapti. Xitoy “Bir makon — bir yo‘l” loyihasi bilan tortyapti, Hindiston esa turli sammitlar orqali tortishga urinyapti.

O‘tgan yili Hindiston G20 davlatlari sammitida Afrika davlatlari ittifoqini G20'talikka kiritishga erishdi. Bu Hindistonning juda ham katta siyosiy g‘alabasi sifatida qabul qilindi. Hindiston o‘zini yangi dunyo tartibotida yangi kuch sifatida taqdim etishga urinmoqda.

Hindiston diplomatiyasiga qoyil qolish kerak. Yuqorida aytilgandek, o‘zini do‘st davlat sifatida taqdim etoladi. AQSh bilan ham, Rossiya bilan ham yaqin aloqalarda balansni to‘g‘ri ushlay oladi. Hindiston o‘zini eng yirik demokratik davlat sifatida taqdim etadi, ammo bu bahsli chunki, to‘la mos kelmaydi bunga. Ammo bu ham demokratiya bayroqdorlari hisoblangan G‘arb davlatlari uchun jozibali element hisoblanadi.

Ukraina urushi fonida Rossiya bilan aloqalar qanday bo‘ladi, faol hamkorlik qilsa, sanksiyalarga tushib qolmaydimi, degan savol qo‘yilgan edi. Lekin bunday bo‘lmadi, balki Rossiya bilan hamkorlik kuchaydi ham, birgina neft eksporti 11 barobar oshgan. G‘arb bilan yaqin bo‘lgani uchun sanksiyalardan qutula oldi, Hindistonga osonlikcha sanksiyalar joriy etilmaydi. Janubiy Osiyodagi Hindistondek yirik hamkorni yo‘qotishni istamaydi G‘arb davlatlari ham. Kuchlar balansi nuqtai nazaridan ham Hindiston muhim o‘yinchi hisoblanadi.

Zilola Ahmedova: — Global janub konsepsiyasida Hindiston lider bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Bu doirada Hindiston faolligi oshdi. Ammo uning o‘zida hali ichki muammolar yetarli. Qashshoqlik, infratuzilma yaxshi rivojlanmagani kabilar. Global Janub AQSh boshchiligidagi G‘arb loyihalariga opponent deb bilamiz. Hindiston bu konsepsiyada yetakchi bo‘lolmaydi deb bilaman, chunki qator muammolari bor.

Nargiza Umarova: — Dunyo tartiboti o‘zgarayotgani ma’lum. Hatto tahlilchilar kelajakda 5 ta kuch markazi bo‘ladi, degan tushunchani ham ilgari suryapti, bular: AQSh, Rossiya, Xitoy, Xindiston va Turkiya. To‘g‘ri, hozirgi beqaror vaziyatda prognozlar berish mushkul, ammo Hindistonning potensiali yuqori. Keyingi 30-40 yil ichida Hindiston asosiy muammolarini yechadi, 2070-yillarga borib esa AQSh bilan iqtisodiy balanslashadi, degan qarashlar ham bor. Shuning uchun ham lider bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman.

Zilola Ahmedova: — Xitoy bilan strategik raqiblik nuqtai nazaridan Hindiston ko‘proq AQShga yaqinlashyapti. Harbiy va iqtisodiy tomondan hamkorlik ham kengayib bormoqda, shu sababli G‘arbga opponent bo‘lgan Global Janubda Hindiston lider bo‘ladi deb o‘ylamayman.

— Xalqaro Shimol-Janub transport koridori Hindiston uchun qanchalik dolzarb? Bu koridorni Xitoyning "Bir makon – bir yo‘l" loyihasiga qarama-qarshi loyiha deb hisoblash mumkinmi?

Nargiza Umarova: — Shimol-Janub koridorida 3 ta tashabbuskor davlat bor: Rossiya, Hindiston va Eron. Bu yerda Eron tranzitchi, asosiy davlatlar esa Rossiya va Hindiston. Bu koridor 2000-yillarda ilgari surilgan edi. “Bir makon – bir yo‘l” esa 2013 yildan keyin chiqdi, lekin investitsiya kiritilgani, tizimli bo‘lgani va targ‘iboti yaxshi bo‘lgani uchun tezda yoyildi. Hindiston Xitoychalik iqtisodiy qudratga ega emas, shuning uchun u xalqaro loyihalarga manzilli yondashadi. Shimol-Janub koridori o‘sha 2000-yillarda Mumbay portlaridan Eron orqali Rossiyaning Astraxan shahrigacha borishi ko‘zlangan edi, bugungi kunga kelib kengaydi bu, Chobahor porti qo‘shildi, tranzitchi sifatida Turkmaniston qo‘shildi, O‘zbekiston, Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi yo‘llar ham nazarda tutilyapti endi.

Hindiston o‘z manfaati bo‘lgan taqdirda ham Xitoy ishtirokidagi transport koridorlarida qatnashmaydi va muqobil koridorlar yaratishga urinadi. Masalan, Pokiston va Xitoy o‘rtasidagi katta transport koridoriga javoban Markaziy Osiyo bilan bog‘lanish uchun Chobahor portini rivojlantirib, Afg‘oniston tranzitidan foydalanishga harakat qildi. TransAfg‘on temiryo‘lining ko‘rinmas tashabbuskorlaridan biri Hindiston hisoblanadi. “Tolibon” kelgach, Turkmaniston tranzitiga yuzlandi.

Hindiston vazifasi raqobatchi loyiha yaratish emas, balki o‘zi uchun transport bog‘liqlikni yaratishi kerak. Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarda asosiy to‘siq to‘g‘ridan to‘g‘ri koridor yo‘qligi bo‘lmoqda.

Zilola Ahmedova: — Shimol-Janub koridori Hindiston uchun Markaziy Osiyo va Yevrosiyo bozorlarini ochadi. Shu bilan birgalikda dengiz yo‘llariga qaramlikni yo‘qotadi. “Bir makon — bir yo‘l”ga alternativ sifatida 2023 yilda taqdim etilgan Hindiston-Markaziy Osiyo-Yevropa koridori deb bilaman. Bu koridor Shimol-Janub koridoridan xam ko‘ra ko‘proq alternativ bo‘loladi.

— Hindiston – Markaziy Osiyo munosabatlarining negizi qanday manfaatlarga asoslanadi?

Nargiza Umarova: — 4 ta asosiy sohani ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim, bular: savdo-iqtisodiy munosabatlar, infrastrukturaviy loyihalar, xalqaro transport koridorlari va xavfsizlik.

2011 yildagi Ashxobod kelishuvi bor. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyodan Yaqin Sharqqa olib boradigan transport koridoriga tamal toshi qo‘yilgan 5 ta davlat ishtirokida (O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Qatar, Ummon). Bu transport koridori 2016 yilda ishga tushadi, ammo bungacha tashabbuskor davlatlar tarkibi o‘zgaradi. 2013 yilda Qatar loyihadan chiqib ketadi, shu yili Qozog‘iston kiradi, 2015 yilda Pokiston, 2018 yilda esa Hindiston kiradi.

Chobahor portiga chiqish bir necha transport vositalari orqali chiqishi mumkin. O‘zbekiston uchun eng qulay yo‘l Turkmaniston orqali yurish. Chobahor portini rivojlantirish uchun Eron ichida temiryo‘llar yetishmasligi muammosi bor edi. 2020 yildan boshlab Hindiston ko‘magi bilan Chobahor – Zahedon temiryo‘li qurilyapti, shu yili bitishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali bu portga chiqish bizga ham qulay bo‘ladi.

2022 yilda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari davlat rahbarlari o‘rtasida onlayn tarzda Markaziy Osiyo – Hindiston sammiti bo‘ladi. Undan oldin tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida bunday uchrashuv bo‘lardi. Qo‘shma bayonotda xavfsizlik masalasiga katta e’tibor berilgan. Mudofaa vazirlari, xavfsizlik idoralari doirasida ham muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni chuqurlashtirish vazifalari qo‘yilmoqda.

Hindiston 90 yillardan boshlab Markaziy Osiyoda o‘z harbiy bazalariga ega. Tojikistonda harbiy hospital deb ataladigan baza bor, bu obekt to‘la harbiy baza bo‘lmasa ham, fuqarolar urushi paytida, Afg‘oniston masalasida katta yordam bergani aytiladi. Hozir bu obekt haqida aniq ma’lumot yo‘q. Tojikistonning Ayniy tumanida Hindiston tomonidan harbiy aerodrom ham qurilgan edi, keyinchalik Hindiston tasarrufidan chiqqan. Shulardan ko‘rish mumkinki, Hindiston uchun Markaziy Osiyodagi tinchlik va xavfsizlik muhim hisoblanadi.

Zilola Ahmedova: — Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari rivojlanib kelayotgan mintaqa, ikki mintaqa aholisi qariyb 2 mlrdni tashkil etadi, Janubiy Osiyo katta bozor ham hisoblanadi. Hindiston energiya borasidagi ehtiyojlari nuqtai nazaridan ham Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka intiladi. Markaziy Osiyo resurslari va rivojlanayotgan mamlakatlar texnologiyalari qo‘shilmasi, ko‘plab yangi imkoniyatlar yaratadi.

Nargiza Umarova: — Hindiston energiya resurslarini 60-80 foizgacha import qiladi. Shuning uchun ham Hindiston bu resurslarni yaqin mintaqalardan olishga harakat qiladi. Markaziy Osiyo esa energiyaga boy hisoblanadi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyodagi rangli va kamyob metallar ham qiziqtiradi Hindistonni, chunki sanoati rivojlanyapti. Hindiston global fabrika maqomida Xitoydan o‘ziga olayotgan davlatlardan biri. Xitoy va AQShning savdo-iqtisodiy urushi boshlangach, Hindistonga juda ko‘p kompaniyalar kirib keldi, chunki arzon ishchi kuchi, jozidor bozor, soliq imtiyozlari mavjud. Bu bo‘yicha Hindistonda alohida Make in India dasturi ham ishlab chiqildi.

Bu global fabrikada nafaqat an’anaviy mahsulotlar, balki yuqori texnologiyali mahsulotlari ham ishlab chiqilmoqda, ya’ni telefonlar, kompyuterlar kabi. Apple kompaniyasi yaqin kelajakda mahsulotlarining chorak qismini Hindistonda ishlab chiqarishni rejalashtiryapti. Shu kabi boshqa brend kompaniyalar qiziqyapti. Shunday vaziyatga Hindistonga xomashyo kerak, shu sababli ham Markaziy Osiyoga intilmoqda.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid