O‘zbekiston | 21:40 / 15.01.2024
8172
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ko‘mir qazib olish hajmini 22 foizga oshirishni buyurdi 

Prezident geologiya sohasida qilingan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi. 

Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni geologiya sohasida qilingan ishlar va rejalar taqdimoti bilan tanishdi. 

Qayd qilinishicha, bu sohaga yiliga 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar o‘rganilgan. Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar evaziga noruda konlarga investorlar jalb qilingan. Bugungi kunda sohada 1 milliard 700 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Lekin sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p, konlar va ularni o‘zlashtirish ko‘lamini kengaytirish mumkin. 

Taqdimotda shu boradagi istiqbolli loyihalar, xususan, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida axborot berildi. Davlat rahbari uni tinglab, yaqin va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada uzoqni ko‘zlash va zamondan ilgari yurish muhimligi ta’kidlandi. Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. 

Sohaga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalari qo‘yildi. 

Aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘mir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. 

 

Mavzuga oid