Jahon | 14:10 / 18.01.2024
6657
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Kiyevga yangi harbiy yordam paketini topshirdi

Ukrainaga harbiy yordam paketiga Leopard 1 tanklari uchun o‘q-dorilar, bronetransportyorlar, piyoda askarlar jangovar mashinalari, razvedkachi dronlar, tankerlar va aloqa terminallari kiradi, deya xabar beradi Berlin.

Foto: Thomas Imo/photothek/picture alliance

Germaniya hukumati o‘zini Rossiya hujumidan himoya qilayotgan Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini o‘tkazishini e’lon qildi. Unga Leopard 1 tanklari uchun o‘q-dorilar (soni noma’lum), 8 ta zirhli transport vositasi, portlovchi o‘q-dorilarni yo‘q qilish uskunalari (Bundesver va sanoat zaxiralaridan), 20 ta Marder piyoda jangovar mashinalari, 15 ta Gepard o‘ziyurar zenit qurilmalari va 149 ta RQ-35 Heidrun razvedkachi dronlari kiradi. Bu haqda 16 yanvar, seshanba kuni federal hukumat rasmiy saytida xabar berilgan

Bundan tashqari, paketga 3 ta avtomobil, 40 ta Mercedes-Benz Zetros yoqilg‘i quyish transporti, 20 ta Zetros muzlatgichi, 50 ta SatCom aloqa terminali, 5 ta chegara qo‘riqlash mashinasi, 2500 ta himoya dubulg‘alari va 2000 ta yoritgichlar kiradi. 

Bayonotda qayd etilganidek, Germaniyadan Ukrainaga harbiy yordamning umumiy hajmi 2023 yilda 5,4 milliard yevroni, 2022 yilda esa 2 milliard yevroni tashkil qilgan. Kelgusi yillarda Germaniya 10,5 milliard yevro miqdoridagi yordamni o‘tkazish majburiyatini oldi, deya xabar beradi Berlin. 

Germaniya Ukrainaga harbiy yordamni deyarli ikki baravar oshiradi

Bir kun avval Germaniya Ukrainaga harbiy yordam uchun 2024 yilda oldindan rejalashtirilganidek 4 milliard emas, balki 7 milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ ajratishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbatda ma’lum qildi. Germaniya va Qo‘shma Shtatlar rahbarlari o‘z suhbatlarida «Ukraina o‘zini Rossiyadan himoya qilishda davom etar ekan, unga moliyaviy, harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi», dedi Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebeshtrayt.

Bu ikki baravar oshirish tufayli Germaniya ham mudofaa xarajatlarini YaIMning 2,1 foizigacha oshiradi va shu tariqa NATO talabini qondiradi. Qo‘shma Shtatlar va Germaniya Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanishidan beri Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam ko‘rsatkichlari bo‘yicha mutlaq yetakchilik qilmoqda. Germaniya, boshqa narsalar qatorida, Kiyevga Leopard tanklari, IRIS-T SLM havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni yetkazib berdi. 

Germaniyaning Kildagi jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2023 yil oxirigacha Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun 44 milliard yevro ajratgan. Biroq 2024 yil boshida Kongressda respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami vaqtincha to‘xtatilgan edi. 6 yanvar kuni The New York Times gazetasi Qo‘shma Shtatlar yaqin orada Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimi uchun raketalarni yetkazib berishni to‘xtatishi mumkinligi haqida xabar berdi. 

https://www.dw.com/ru/germania-peredala-kievu-novyj-paket-voennoj-pomosi/a-68015941

Mavzuga oid