Investitsiya va eksport: Prezident kimlarni ogohlantirdi, kimlar ishdan olindi?
Shavkat Mirziyoyev uch nafar hukumat a’zosini ogohlantirdi, respublika darajasidagi yana uch nafar mansabdor ishdan olindi. 26 ta tuman-shahar hokimining lavozimda qolish-qolmasligi so‘roq ostida.
Ofshorlardagi kompaniyalar va xitoylik investorlarning O‘zbekistondagi sement zavodlari mamlakat ekologiyasiga va aholi salomatligiga jiddiy tahdid solayotgani – oxirgi vaqtlarda jamoatchilik muhokamasida bo‘lib turgan mavzulardan biri edi. Bugun, 18 yanvar kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev ham bu masalaga to‘xtalib, sement ishlab chiqaruvchi korxonalarni yanada ko‘paytirishni taklif qilayotgan mutasaddilarni tanqid qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir mavjud sement ishlab chiqarish zavodlarining quvvatlari ichki ehtiyojni ortig‘i bilan qondira oladi.
“Lekin, mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
3-4 ta yoki 5-6 ta emas, naq 22 ta sement zavodi qurishni taklif qilayotganlar kimlar ekani noma’lum. Yig‘ilishda bunday fikrni berayotgan rasmiy shaxslar kimligi ochiqlanmadi. Lekin boshqa masalalar yuzasidan ba’zi mansabdorlarning ismlari yangradi: ularning ayrimlari ishdan olingan bo‘lsa, ayrimlariga sinov muddati berildi.
Xususan, investitsiyalar va eksportga oid masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda bosh vazirning bu yo‘nalishdagi o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga ogohlantirish berildi. U eksportni ko‘paytirishga doir bir qator masalalar yuzasidan 2,5 oy ichida o‘zgarish qilmasa, egallab turgan lavozimiga loyiqmi-yo‘qmi degan masala ko‘rib chiqiladi.
Prezident ikki nafar vazirga ogohlantirish berdi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazishdagi muammolarni hal etish bilan yetarlicha shug‘ullanmayotgani uchun ogohlantirish oldi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov esa texnik jihatdan tartibga solishga oid barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga keltirish uchun mas’ul deb belgilandi. Agar u 2 oyda sohani tartibga solmasa, vazir lavozimidan ozod etilib, Texnik tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tushirilishi haqida ogohlantirildi. Shuningdek, bu agentlik Investitsiyalar vazirligi tarkibidan chiqarilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga qaytariladigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda uch nafar mansabdor ishdan olindi. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi direktori Dilshod Sattorov o‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murod Mirzayev esa tumanlar kesimida investitsiya xaritalari tuzmagani, faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolgani sabab lavozimidan ozod etildi.
Shavkat Mirziyoyev bir qator hududiy mansabdorlarning lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq berdi. Jumladan, Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarining hokimlari sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida o‘sish bo‘lmagani uchun ishdan olinishi mumkin. Yana 18 ta tuman-shahar hokimining lavozimiga loyiqligi so‘roq ostida, chunki ular 241 ta tayyor investitsion loyihalar uchun investor topmagan. Bundan tashqari, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘riladi.
Mavzuga oid
10:15 / 23.11.2024
Toshkentda uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
20:29 / 22.11.2024
Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
09:40 / 22.11.2024