Jahon | 13:07 / 18.01.2024
3116
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik hakerlar Shveytsariya hukumati saytlariga hujum qildi

Ukraina prezidentining Davosdagi chiqishidan keyin Shveytsariya hukumati saytlariga DdoS-hujumlari uyushtirildi. Mas’uliyatni Rossiya Federatsiyasiga yaqin bo‘lgan NoName guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Foto: Getty Images

Shveytsariya rasmiylariga ko‘ra, Rossiyaga yaqin hakerlik guruhi bu davlatdagi hukumat saytlariga hujum qilgan. NoName guruhi kiberhujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi, uning harakatlariga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida ishtiroki sabab bo‘ldi, deb xabar berdi 17 yanvar, chorshanba kuni Berndagi kiberxavfsizlik bo‘yicha federal idora.

Jinoyatchilar DDoS-hujumlar orqali sahifalarga kirishni to‘sib qo‘ygan, ko‘p sonli so‘rovlar bo‘lgan saytlarni haddan tashqari yuklagan. Shveytsariyalik mutaxassislar imkon qadar tezroq kirishni tiklash ustida ishlamoqda. Bayonotda ta’kidlanganidek, Shveytsariya Zelenskiyning tashrifi oldidan bunday hujumni kutgan va zarur xavfsizlik choralarini ko‘rgan. 

Zelenskiy Rossiya bilan ziddiyatni muzlatmaslikka chaqirdi 

Ukraina prezidenti 16 yanvar kuni Davosda nutq so‘zlab, Rossiya Federatsiyasi bilan urushni muzlatish xavfi haqida e’lon qildi va Kiyevning NATOga qo‘shilish umidini tasdiqladi. 17 yanvar kuni u o‘z mamlakatiga yordam yetkazib berishni kechiktirmaslikka chaqirdi. Jumladan, u NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi. 

19 yanvarga qadar davom etadigan Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida siyosat, biznes va fuqarolik jamiyatidan jami 2800 ga yaqin vakil ishtirok etmoqda. Kun tartibida Ukrainadagi urush, shuningdek, Isroilning HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyoti asosiy o‘rin tutadi. 

Mavzuga oid