2023 yilda dunyo bo‘ylab yashil energiya quvvatlari 50 foizga oshdi
2023 yilda yangi quyosh va shamol quvvatlarining 96 foizida xarajatlar yangi ko‘mir va gaz elektr stansiyalariga qaraganda kamroq bo‘lgan. Shamol va quyosh stansiyalari 2025-2026 yillarda AESlarni ortda qoldirishi kutilyapti. Germaniyada qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiyaning ulushi allaqachon 60 foizga yaqinlashgan; shuningdek, Xitoy ham katta o‘sishni ko‘rsatmoqda.
2023 yil davomida qayta tiklanadigan energiyaning global quvvati 2022 yilga nisbatan 50 foizga oshib, qariyb 510 GW'ga yetgan. Bu so‘nggi 20 yildagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir. Bu haqda Xalqaro energiya agentligi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Yevropa, Qo‘shma Shtatlar va Braziliyada qayta tiklanadigan quvvatlarning o‘sishi barcha vaqtlardagi eng yuqori natijani qayd etgan bo‘lsa-da, Xitoydagi o‘sish favqulodda darajada yuqori bo‘lgan. Xususan, o‘tgan yilda Xitoyda butun dunyo 2022 yilda ishga tushirgan quyosh fotoelektr stansiyalaridan ham ko‘proq quvvatlar ishga tushirilgan, shamol elektr stansiyalarining quvvati ham 66 foizga oshgan.
Mavjud siyosat va bozor sharoitlariga ko‘ra, global qayta tiklanadigan energiya quvvati 2028 yilga borib 7300 GW'ga yetishi mumkin.
Hisobot mualliflari prognozlariga ko‘ra , kelgusi 5 yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha bir nechta muhim natijalarga erishilishi kutilmoqda:
- 2024 yilda shamol va quyosh energiyasi birgalikda gidroenergetikadan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqara boshlaydi;
- 2025 yilda barcha qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvati ko‘mirda ishlaydigan quvvatlarni ortda qoldiradi va eng yirik elektr energiyasi manbaiga aylanadi;
- Shamol va quyosh elektr stansiyalarining har biri mos ravishda 2025 va 2026 yillarda atom elektr stansiyalarini ortda qoldiradi;
- 2028 yilda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi global elektr energiyasi ishlab chiqarishining 42 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi, shamol va quyosh energiyasining ulushi esa 25 foizga yetadi.
Qayd etilishicha, 2028 yilga borib jahon miqyosida ishga tushirilishi kutilayotgan yangi qayta tiklanadigan quvvatlarning deyarli 60 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatda 2020 va 2021 yillarda milliy subsidiyalar bosqichma-bosqich to‘xtatilishiga qaramay, texnologiyalarning iqtisodiy jozibadorligi sababli shamol va quyosh stansiyalarini qurish tezlashib bormoqda.
2023 yilda quyosh panellarining narxi yillik hisobda qariyb 50 foizga pasaygan va ularning dunyoda ishlab chiqarish hajmi 2021 yilga nisbatan uch barobarga oshgan. Qurilayotgan hozirgi ishlab chiqarish quvvati shuni ko‘rsatadiki, 2024 yil oxirida quyosh stansiyalarining global ta’minoti 1100 GW’ga yetadi va potensial ishlab chiqarish talabning joriy prognozidan uch baravar ko‘p bo‘ladi.
Shuningdek, 2023 yilda yangi quyosh va shamol quvvatlarining 96 foizi yangi ko‘mir va gaz elektr stansiyalariga qaraganda ishlab chiqarish xarajatlari pastligini ko‘rsatgan.
Germaniyada QTMlardan olinadigan energiyaning ulushi 60 foizga yaqinlashgan
Fraunhofer jamiyatining nemis quyosh energiyasi tizimlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Germaniyada qayta tiklanadigan energiya manbalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyb 60 foizini tashkil qilgan.
O‘tgan yilda shamol elektr stansiyalarida 140 TWh elektr energiyasi ishlab chiqardi, bu 2022 yilga nisbatan 14 foizga ko‘p. Shu tariqa Germaniya elektroenergetika sanoatining umumiy tarkibida shamol turbinalarining ulushi 32 foizga yetgan.
2023 yil quyosh elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish 30 foizga, 46 TWh’dan 60 TWh’gacha ko‘paygan. Germaniya hukumati 9 GW quvvatga ega yangi quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirishni rejalashtirgan edi, biroq yakunda umumiy miqdor ikki baravarga oshirilgan.
Yil yakunida mamlakatdagi qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy quvvati 260 TWh’ni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 7,2 foizga o‘sgan. Shu tariqa yetkazib beriladigan “yashil” energiya ulushi 50,2 foizdan 57,1 foizga yetgan.
Bundan tashqari, Germaniyada qo‘ng‘ir ko‘mirdan elektr energiyasi ishlab chiqarish 27 foizgacha (1963 yildagi daraja), tosh ko‘mirdan elektr energiyasi ishlab chiqarish 35 foizgacha (1955 yildagi daraja) kamaygan.
Mavzuga oid
11:10 / 22.11.2024
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
13:43 / 21.11.2024