O‘zbekiston | 15:50 / 20.01.2024
4475
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Bryusselda YeK rahbarining bosh maslahatchisi bilan uchrashdi

Yevropa kengashi prezidenti bosh maslahatchisi bilan bo‘lajak ikki tomonlama qo‘shma tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Bryussel shahriga tashrifi chog‘ida Yevropa kengashi prezidentining diplomatiya bo‘yicha bosh maslahatchisi Saymon Mordyu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Tomonlar O‘zbekiston–Yevropa munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini, shuningdek, bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildi.

Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Barqaror mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. 2024 yil 29-30 yanvar kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalari bo‘yicha Investorlar forumi shu mavzuga bag‘ishlanadi.

Ekologiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yevropa tomoni O‘zbekistonning joriy yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosati, jumladan, afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish va ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish borasidagi siyosati yuqori baholandi.

Mavzuga oid