Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament ishlab chiqildi
Vazirlar Mahkamasining “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament inson hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkini muhofaza qilish, shuningdek, xaridorlarni (foydalanuvchilarni) chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda muomalaga chiqariladigan liftlarning xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Texnik reglament talablari barcha liftlar va lift xavfsizligi qurilmalariga (buferlar, tutgichlar, tezlikni cheklagichlar, shaxta eshiklari qulflari, xavfsizlik gidroapparatlari va boshqalar) tatbiq etiladi.
Texnik reglament quyidagi liftlarga tatbiq etilmaydi:
- tog‘-kon va ko‘mir sanoati shaxtalaridagi;
- kemalar va boshqa suzuvchi vositalardagi;
- samolyotlar va boshqa uchuvchi apparatlardagi;
- vintli yoki tishli ko‘tarish mexanizmiga ega bo‘lgan;
- maxsus harbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan.
Liftlar va liftlarning xavfsizlik qurilmalari texnik reglament talablariga muvofiq bo‘lgan taqdirda muomalaga chiqariladi.
Liftlar va liftlarning xavfsizlik qurilmalaridan maqsadiga ko‘ra foydalanilganda, ishlab chiqaruvchining kuzatuv hujjatlarining talablari bajarilganda muomalaga chiqarilayotgan liftlar va liftlarning xavfsizlik qurilmalari ishlab chiqaruvchi tomonidan tayinlangan xizmat muddati davomida texnik reglamentda belgilangan xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.
Muomalaga chiqarilayotgan liftlar va liftlarning xavfsizlik qurilmalariga kuzatuv hujjatlari ilova qilinishi kerak.
Kuzatuv hujjatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- foydalanish bo‘yicha qo‘llanma (yo‘riqnoma);
- lift pasporti;
- montaj qilish chizmasi;
- elementlarning ro‘yxatini ko‘rsatgan holda asosiy elektr sxema;
- asosiy gidravlik sxema (gidravlik liftlar uchun);
- liftlar va liftlarning xavfsizlik qurilmalariga, yong‘inga qarshi eshiklarga (mavjud bo‘lganda) berilgan sertifikat nusxasi.
Foydalanish bo‘yicha qo‘llanma (yo‘riqnoma) quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- yig‘ish, sozlash, rostlash, sinov va tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi bo‘yicha ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oluvchi montaj qilish bo‘yicha yo‘riqnoma;
- foydalanish, shu jumladan foydalanishga topshirish, maqsadiga ko‘ra foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish, ko‘rikdan o‘tkazish, ko‘zdan kechirish, ta’mirlash, sinovdan o‘tkazish davrida foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar va liftlar xavfsizligini ta’minlash choralari;
- tez eskiradigan (yemiriladigan) detallarning ro‘yxati;
- odamlarni kabinadan xavfsiz evakuatsiya qilish usullari;
- utilizatsiya qilishdan oldin foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar.
Liftlarga uning butun xizmat muddati davomida aniq o‘qilishini ta’minlagan holda har qanday usulda quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlar tushiriladi: ishlab chiqaruvchining nomi va (yoki) tovar belgisi, liftning identifikatsiya (zavod) raqami, ishlab chiqarilgan sanasi.
Mavzuga oid
19:26 / 03.07.2024
Lift importi yuzasidan hukumatga takliflar berilgan - Raqobat qo‘mitasi
14:05 / 26.06.2024
Zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ular farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish reglamenti tasdiqlandi
14:53 / 15.06.2024
Senat aralashuvi bilan bojxonada qolib ketgan liftlar chiqarildi, lekin muammo hal bo‘lmadi
20:50 / 26.04.2024