Jahon | 18:54 / 24.01.2024
4536
7 daqiqa o‘qiladi

Davos forumi: Bu yil nimalar muhokama qilindi?

Har yili boshida dunyo siyosatchilari, yirik biznes egalari, ekspertlar va boshqa faol ziyolilar jahon iqtisodiy forumida qatnashish uchun Shveytsariyaning Davos shahriga yig‘iladi. Xo‘sh, bu forumdan maqsad nima, uning doirasidagi bu yilgi asosiy mavzular nimalar bo‘ldi?

Uzoq 1971 yilda, asli germaniyalik iqtisodchi Klaus Shvab Shvetsariyaning sharqida joylashgan Davos shahrida kichikroq bir konferensiya o‘tkazadi. Boshida, bu Davos konferensiyalari ancha kamtarin va torroq doirada o‘tardi. Uning yig‘ilishlarida dunyoning taniqli siyosatchilari, eng katta kompaniyalari egalari, yirik faylasuf yoki mutafakkirlarni ko‘rib bo‘lmasdi.

Lekin, mana yillar o‘tib, rasman Jahon iqtisodiy forumi deb ataluvchi Davos forumi xalqaro maydonda juda yaxshi tanilgan katta brendga aylandi. Forumning maqsadi – dunyodagi taniqli iqtisodchilar, siyosatchilar, mutafakkirlar va OAV vakillari o‘rtasida fikr almashish, muloqot uchun qulay maydon yaratish hisoblanadi.

Bu forumda asosan iqtisodchilar, siyosatchilar, mutafakkir va faylasuflar hamda OAV vakillari ishtirok etadi. Forumda dunyoda kechayotgan eng yirik, muhim iqtisodiy, siyosiy, geosiyosiy masalalar muammolar muhokama etiladi. Albatta, bu forumda ishtirokchilar o‘z fikrlarini juda ochiq tarzda berishmaydi, shunday bo‘lsa-da, mulohazalarini OAVga tushunarli shaklda bayon qilishadi.

Bu yilgi Davos forumining asosiy mavzusi “Tarqoq dunyoda qanday qilib ishonchni tiklash mumkin?” degan savol atrofida kechdi va unda jami 60 ta davlatdan yuqori martabali amaldorlar, umuman, 120 ta davlat delegatsiyalari ishtirok etdi. Umumiy ishtirokchilar soni esa 2500 dan ortiq bo‘lgani aytildi.

Dunyoda juda yirik tektonik geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar kechmoqda. Bunday o‘zgarishlar keyingi uch o‘n yillik davomida pishib kelayotgan edi. Sobiq SSSR qulagach, AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb sovuq urushdan to‘liq g‘alaba bilan chiqdi. Rossiya jarohatlandi. Xitoy esa tinchgina iqtisodiy o‘sish bilan band edi. O‘tgan asrning oxirgi o‘n yilligi “mutlaq bir qutbli dunyo” davri bo‘ldi. AQSh yakka hukmronlik gashtini surdi.

2001 yil 11 sentabrdan so‘ng g‘arb va musulmon dunyosi o‘rtasida o‘zaro ishonchga darz ketdi. 2000 yillar davomida NATOning sharqqa kengayishi fonida, Rossiya va g‘arb o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik chuqurlashdi.

Keyingi 10-15 yilda Xitoy bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar taranglashib bordi. Bugun, dunyo ekspertlari AQSh-Xitoy munosabatlarini “21-asrning eng katta savoli” deb ko‘rishadi. Keyingi davrda ko‘plab voqealar yuz berdiki, bugun dunyo davlatlari va elitalari o‘rtasida, o‘zaro ishonch xuddi sovuq urush davridagi kabi ancha past darajaga tushdi.

Davos forumi shuning uchun ham o‘zaro ishonchni oshirishni o‘z mavzusi sifatida ko‘tarmoqda. Lekin, geosiyosiy tarqoq dunyoda, bunday ishonchsizlikning bo‘lishi tabiiy ekanini AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham ta’kidladi. Xitoy Davlat Kengashi raisi, ya’ni XXR bosh vaziri Li Tsyan esa “tarqoqlik hamkorlikka xalaqit bermasligi kerak” degan ma’noda chiqish qildi.

Bu yilgi Davos forumida, bir qancha muhim masalalar muhokama qilindi.

Eng muhim tadbirlardan biri – “Ukraina uchun tinchlik rejasi” deb nomlandi. Bu yig‘ilishda Ukraina prezidenti Zelenskiy chiqish qildi. Sessiyada jami 82 davlat delegatsiyalari ishtirok etgani aytildi. Aslida, forum tashkilotchilari bu yig‘ilishda davlat rahbarlarining ishtirokini ta’minlamoqchi bo‘lgan. Ammo davlat rahbarlari emas, maslahatchilar va ekspertlar ishtirok etgan. Rossiya taklif qilinmagan. Mezbon davlat bo‘lmish Shveytsariya “Rossiya ishtirokisiz, bunday yig‘ilishdan ma’no-mazmun kam” degan ohangda fikr bildirgan.

2023 yilda sun’iy intellekt shiddat bilan rivojlandi. Sun’iy intellekt – Davos forumidagi eng muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Bugunga kelib, sun’iy intellekt borasida dunyo ekspertlari ikki qutbga bo‘lingan. Bir tomon sun’iy intellektni o‘ta xavfli deb bilsa, ikkinchi tomon, barchasi insonning nazorati ostida bo‘lib qoladi deb hisoblaydi. OpenAI kompaniyasi direktori Altman Davosda chiqish qilib, “keyingi yillarda sun’iy intellekt xavfli emasligini, aksincha, rivojlanishga juda katta hissa qo‘shishini ko‘rasiz” degan.

Keyingi yillarda biron bir yirik xalqaro tadbir iqlim mavzusini chetlab o‘tmaydi. Davos forumida ham shunday bo‘ldi. BMT bosh kotibi Gutterrish Davosda chiqish qilib, “qayta ishlanadigan energiyaga o‘tishning adolatli yo‘llari” haqida gapirgan. Jami 300 dan ortiq katta kompaniyalar iqlimga ta’sir qiluvchi chiqindilar chiqarishni kamaytirish majburiyatini olgan.

Siyosiy doiralar o‘zaro suhbatlarda “Tramp qaytadimi?” degan savolda, bir-birlarining fikrlariga alohida qiziqqan. G‘arbiy Yevropa va AQSh elitalarining asosiy qismi chuqur xavotirda. Ayniqsa, Trampning NATOdan chiqish, Yevropa bilan aloqalarni tanqidiy ko‘rib chiqish, Rossiya bilan kelishish mazmunidagi bayonotlari, meynstrim elitalarni tashvishga soladi. Lekin AQSh sobiq vitse-prezidenti Albert Gor “Trampning qaytishi aniq emas, u qadar xavotir olmang” degan mazmunda chiqish qilgan.

Qiziq bir xolat: Davos forumi ishtirokichilari “noma’lum kasallik” haqida ham fikrlar almashishgan. Ya’ni, forumning ushbu mavzuga bag‘ishlangan qismida, ishtirokchilar keyingi yillarda o‘ta xavfli bo‘lgan “noma’lum kasallik”, ya’ni kovid-19dan ham xavfliroq pandemiya yuzaga kelishi ehtimollari haqida fikr almashgan.

O‘zbekistonning bu Davos forumida ishtirok etishi ko‘p ham kuzatilmagan. 2016 yilga qadar O‘zbekiston o‘zini ixotalashni ma’qul ko‘rdi. Lekin mintaqada, turkiy dunyoda, musulmon dunyosida, qolaversa Yevrosiyo qit’asi va dunyo geosiyosatida o‘zining munosib o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan rasmiy Toshkent mana shunday forumlarda ham faol ishtirok etishi, o‘z qadriyatlari, manfaatlari va loyihalari haqida baralla gapirishi zarur.

Chunki global dunyoda har bir davlat o‘zining ijobiy va betakror obrazini ko‘rsata olishi – juda muhim vazifa hisoblanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid