Husiylar neft tankeriga zarba berishdi
Hodisa neft tankeriga qilingan eng yirik hujum deb atalmoqda. Buyuk Britaniya va AQSh zarbaga javob qaytarishini ma’lum qildi.
Yaman husiylari tomonidan otilgan raketa bilan urilgan Marlin Luanda tankeridagi yong‘in bir necha soat davom etdi va o‘chirildi. Hodisa Adan ko‘rfazida sodir bo‘ldi. Ekipaj evakuatsiya qilindi, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Ayni damda kema eng yaqin portga yo‘l olmoqda, dedi tankerning Britaniya operatori Trafigura, biroq qaysi port ekaniga aniqlik kiritmadi.
Tankerga hujum shanbaga o‘tar kechasi Qizil dengizdan chiqish joyida sodir bo‘ldi. Yong‘in kemaning yuk bo‘limlaridan birida boshlandi va uni o‘chirish uchun yong‘in o‘chirish texnikasi qo‘llandi. Ma’lum qilinishicha, yong‘inni o‘chirishda Fransiya, Hindiston va Amerika harbiy-dengiz kuchlarining yaqin atrofdagi kemalari yordam bergan.
Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylari hujumni Britaniya-Amerika agressiyasiga javob deb aytishdi.
Avvalroq AQSh va Buyuk Britaniyaning birlashgan kuchlari Yamandagi husiylarning pozitsiyalariga qator zarbalar bergan edi.
Husiylarning Adan ko‘rfazidagi harakatlari mintaqadagi xalqaro yuk tashishni amalda falajlab qo‘ydi va global savdoga jiddiy zarar yetkazdi.
Britaniya rasmiylari shanba kuni savdo kemalariga hujumlar qabul qilinmasligini va London bilan uning ittifoqchilari javob qaytarish huquqini saqlab qolishini aytdi.
Taxminan 8 soat o‘tgach, AQSh harbiylari Qizil dengizga qaratilgan va uchirishga tayyor bo‘lgan husiylarning kemaga qarshi raketasini yo‘q qildi.
Bloomberg so‘nggi voqeani neft tankeriga qilingan eng yirik hujum deb atamoqda. Trafigura ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini tashigan. Bu yuk, sanksiyalarga muvofiq, G‘arb davlatlari tomonidan deyarli bir yil avval o‘rnatilgan narx chegarasidan past qiymatda sotib olingan, deb ishontirdi operator vakili.
Marlin Luanda tankeri Marshall orollari bayrog‘i ostida suzadi. AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, unga kemaga qarshi ballistik raketa bilan zarba berilgan.
Mintaqada Britaniya harbiy-dengiz kuchlari va savdo kemalari o‘rtasida ma’lumot almashishni tashkil qiluvchi UKMTO xizmati hodisa Adandan 60 dengiz mili janubi-sharqda sodir bo‘lganiga aniqlik kiritdi. UKMTO boshqa kemalarni ehtiyotkorlik bilan harakat qilish va har qanday shubhali holatlar haqida xabar berishga chaqirdi.
Trafigura kema shikastlanganini va harbiy kemalar yordam berish uchun unga qarab ketayotganini tasdiqladi.
Husiylar harbiy vakili Yahyo Saria tankerga bir nechta raketa bilan zarba berilganini va ular nishonga aniq tekkanini aytdi. Husiylarning aytishicha, ularning harakatlaridan maqsad Isroil katta harbiy kampaniya olib borayotgan G‘azodagi HAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlashdir.
Yaman husiylari avvaliga Isroil bilan qandaydir aloqasi bo‘lgan kemalarga hujum qilishini aytishgan edi, garchi bunday holat har doim kuzatilmagan bo‘lsa-da.
11 yanvar kuni AQSh va Buyuk Britaniya husiy nishonlariga zarba berdi, shundan so‘ng ular bundan buyon ushbu davlatlar bilan bog‘liq kemalarga ham hujum qilishini aytishgan edi.
Yamanga berilgan zarbalarga qaramay, dengizdagi otishmalar amalda to‘xtamadi. Shundan so‘ng, Yevropa va Osiyo o‘rtasida harakatlanayotgan ko‘plab kemalar hududni aylanib o‘tib, Afrika bo‘ylab uzoqroq yo‘nalishdan harakatlana boshladi, bu esa yuk tashish xarajatlarining oshishiga olib keldi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024