Jahon | 15:34 / 27.01.2024
10020
3 daqiqa o‘qiladi

The Telegraph: AQSh Britaniyaga yadro qurolini qaytaradi

AQSh Mudofaa vazirligi materiallariga ko‘ra, Amerika yadro qurollari Saffolkdagi Leykenxit aviabazasiga joylashtiriladi. Vashington u yerda F-35 qiruvchilari ikkita eskadrilyasini saqlab qolish niyati haqida e’lon qilgan. 

Foto: AP

AQSh 15 yil ichida birinchi marta Britaniya hududida Rossiya tahdidi kuchayib borayotgani munosabati bilan yadro qurolini joylashtiradi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph gazetasi 26 yanvar, juma kuni AQSh mudofaa vazirligi hujjatlariga tayanib xabar berdi

Pentagon materiallariga ko‘ra, yadroviy qurollar Saffolkdagi Leykenxit aviabazasida joylashtiriladi. Gap B61-12 bombalari haqida ketmoqda, ularning kuchi 50 kilotonnaga yetishi mumkin, deya tushuntiradi nashr. Bu 1945 yilning avgustida Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan atom bombasi kuchidan uch baravar yuqori, deya aniqlik kiritgan gazeta. 

Pentagon nashr ma’lumotlarini na tasdiqladi, na inkor qildi. «Qo‘shma Shtatlar ittifoqchi mamlakatlardagi harbiy obektlarini muntazam ravishda modernizatsiya qiladi», dedi AQSh mudofaa vazirligi vakili The Telegraph’ga. Uning so‘zlariga ko‘ra, gazeta tomonidan o‘rganilgan hujjatlarda «prognozlar mavjud emas va ular biron-bir aniq pozitsiya yoki asosli tafsilotlarni oshkor qilish uchun mo‘ljallanmagan».

NATOning yadroviy modernizatsiya dasturi elementi 

Amerika ommaviy qirg‘in qurollarining Britaniyaga qaytarilishi NATOning Ukrainaga hujum tufayli Rossiya bilan munosabatlar yomonlashuviga javoban yadroviy inshootlarni modernizatsiya qilish dasturi bir qismidir, deb yozadi The Telegraph. Moskva 2023 yil sentabrida AQSh yadro qurolining Britaniya hududiga qaytarilishini «keskinlashuv sari qadam» sifatida ko‘rishini ochiq aytdi. 

Gazetaning ta’kidlashicha, yadroviy qurol ilgari sovuq urush davrida Leykenxit aviabazasida joylashtirilgan edi. Biroq, 2008 yilda Qo‘shma Shtatlar uni Britaniyadan olib chiqib ketdi, chunki sovuq urush davridan beri Moskva tahdidi pasaygandi, deb qo‘shimcha qiladi nashr.

Avvalroq Vashington Britaniya qirollik harbiy-havo kuchlarining ushbu bazasida yadroviy qurol olib yurishga qodir bo‘lgan F-35 ko‘p funksiyali qiruvchi samolyotlarining ikkita eskadrilyasini joylashtirish niyati borligini ma’lum qilgan edi. AQSh prezidenti Jozef Bayden 2022 yil iyun oyida Vashington «xavfsizlik muhitidagi o‘zgarishlarga javoban Yevropadagi kuchlar muvozanatini» kengaytirishini aytdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid