O‘zbekiston | 10:00 / 30.01.2024
13431
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda sifatsiz benzin sotgan AYoQSh 12 ta mashinaga zarar yetkazdi

Yetkazilgan zarar miqdori 103,2 mln so‘mni tashkil etgan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi AYoQShda sifatsiz benzin sotilgani oqibatida o‘ndan oshiq haydovchilar moddiy zarar ko‘rgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasining “I.P.” MChJga qarashli AYoQShda o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari o‘rganilgan.

O‘rganish davomida ushbu AYoQShda 10 730 litr AI-92 markali avtobenzinning oktan soni bo‘yicha sifat ko‘rsatkichi davlat standarti parametrlariga mos kelmasligi, shuningdek MChJ tomonidan mijozlarga sifatsiz yoqilg‘i sotilgani oqibati 12 nafar fuqaroning transportiga 103,2 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, 2023 yil oktyabr oyida O‘zbekistonda 6 mln 105 litr sifatsiz neft mahsulotlari aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, ayrim AYoQShlarda A-80 benzini A-92 deb sotilayotgani haqida xabarlar berilgandi.

Mavzuga oid