Sport | 19:54 / 31.01.2024
19009
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» futbolchisi APL klubiga ijaraga berildi

«Brentford» 18 yoshli Muhammadali O‘rinboyevning transferini tasdiqladi.

Foto: Brentford klubi sayti

«Paxtakor» klubi futbolchisi Muhammadali O‘rinboyev faoliyatini Angliyada davom ettiradi. Bu haqda Toshkent klubi rasmiy sayti xabar bergan.

«O‘zbek futboli tarixida birinchi bor futbolchimiz O‘zbekistondan Angliyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oldi. «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi Muhammadali O‘rinboyev faoliyatini APL ishtirokchisi «Brentford» klubida davom ettiradi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, u 30 iyunga qadar «Brentford»da ijarada asosida o‘ynaydi. Ushbu muddatdan keyin esa Angliya klubi Muhammadalini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi», deyladi klub xabarida.

O‘rinboyev «Paxtakor»da 17 yoshga to‘lmasdan o‘z debyutini o‘tkazgan va o‘z yosh toifasida terma jamoa a’zosi sanaladi.

«Shu tariqa, iqtidorli futbolchilarni yetishtirib chiqarishda davom etayotgan «Paxtakor» akademiyasining navbatdagi tarbiyalanuvchisi ham xorij chempionatiga yo‘l oldi. Hozirgacha Angliyaning professional klublarida o‘zbek futbolchisi faoliyat olib bormagan», - deya qo‘shimcha qilingan xabarida.

Muhammadali O‘rinboyev «Metallurg» klubi hujumchisi Zabihullo O‘rinboyevning ukasi sanaladi.

«Brentford» klubi APL 20-turidan keyin 22 ochko bilan 15-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid