Iqtisodiyot | 15:51 / 31.01.2024
20757
4 daqiqa o‘qiladi

“Soliq tushumi va tekshiruvi bo‘yicha KPIlarni bekor qildik” - Qudbiyev

Soliq qo‘mitasi raisining tan olib aytishicha, ilgari soliqchi qancha ko‘p tushum qilgan, qancha ko‘p tekshiruv o‘tkazgan bo‘lsa, uning faoliyatiga shuncha yuqoriroq baho berilgan. “Hammasi bekor bo‘lib, endi soliq to‘lovchi qancha uzoq vaqt ishlasa, qancha ko‘p odamni ish bilan ta’minlasa, aylanmasi katta bo‘lsa, [soliqchining] KPIi oshadi”, – dedi Sherzod Qudbiyev tadbirkorlarning barqarorlik reytingi taqdimotida.

Foto: Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev ilgari butun IT infrastrukturasi tadbirkor qaysidir shartni bajarmasa, uni jazolashga qaratilganini tan oldi. U prezidentning 2023 yildagi tadbirkorlar bilan uchrashuvidan juda ko‘p xulosalar chiqarganini aytdi.

Bu haqda Qudbiyev 30 yanvar kuni Toshkentda tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini keng tushuntirish yuzasidan bo‘lib o‘tgan seminar-treningda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Shaxsan o‘zimda, soliq xizmati tizimida dunyoqarashni o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Soliq tizimi oldiga dunyoqarashni o‘zgartirish nuqtayi nazaridan 2 ta fundamental masala qo‘yilgan. Birinchidan, oxirgi 2-3 yil ichida biz butun IT infrastrukturamiz, ma’lumotlar bazamizni tadbirkor qandaydir shartni bajarmasa, mana bunday jazo beriladi degan yo‘nalishga qaratgan edik. Barqarorlik reytingi bilan endi tadbirkor qandaydir shartni bajarsa rag‘batlantiramiz deyapmiz va o‘zimizni o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Bu balandparvoz gap emas, quyi, o‘rta, soliq tekshiruvi darajasida yondashuvni o‘zgartiryapmiz”, – dedi u.

Sherzod Qudbiyev endilikda yirik soliq to‘lovchilarga alohida inspektorlar biriktirilishini ma’lum qildi.

“Yirik soliq to‘lovchilar fevral oyida buni sezadi: alohida tarmoq tashkil etilib, ularga alohida soliq inspektori biriktiriladi, faqat shu inspektor bilan faoliyat yuritadi. Inspektorning yaxshi ishlashi uning uchun KPI bo‘ladi. Oldingi zamonda bizning  qancha soliq tushumi, qancha soliq tekshiruvi qilding degan KPIlarimiz bor edi, ular hammasi bekor bo‘lib, endi soliq to‘lovchi qancha uzoq vaqt ishlasa, qancha ko‘p odamlarni ish bilan ta’minlasa, bandligi, aylanmasi katta bo‘lsa, [tegishli soliq xodimining] KPIi oshadi.

Reytingni tashkil qilishda birinchi navbatda qonun bilan belgilangan fundamental majburiyatlar soliq to‘lovchi tomonidan bajarilishiga e’tibor qaratdik. Ikkinchi tomondan, birinchi marta harakat qildikki, hech qayerda buni inobatga olmas edik: korxonaning faoliyati. Ko‘p korxonalar uzoq vaqtdan beri ishlashi inobatga olinmas edi. Reytingda bunga katta e’tibor berilyapti”, – dedi qo‘mita raisi.

Ma’lumot uchun, yirik soliq to‘lovchilar deganda sof tushumi yiliga 100 mlrd so‘mdan oshgan yuridik shaxslar va boshqalar tushuniladi.

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi qanday ishlaydi?

2024 yil 1 fevraldan joriy etiladigan reyting asosida yuqori ko‘rsatkichga ega tadbirkorlar rag‘batlantiriladi. Reytingi past korxonalarga nisbatan jazo choralari qo‘llash nazarda tutilmagan.

Agar tadbirkor “AAA” toifadagi reytingga ega bo‘lsa:

  • soliq organlari tomonidan tekshirishlar o‘tkazilmaydi;
  • QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytariladi (amaldagi muddat 7 kundan 30 kungacha);
  • QQSdan boshqa soliq turlari bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlar summalari uch kunda qaytarib berish (amalda 10 kundan 15 kungacha) yuzasidan qo‘shimcha preferensiyalar beriladi.

Yana bir rag‘batlantirish – soliq va bojxona organlarida tovarlarni import qilishda vaqtida to‘langan soliqlarni hisobga olish tizimi joriy qilinyapti.

Bungacha bu faqat yirik soliq to‘lovchilar hamda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasi sertifikat olgan korxonalar uchun amal qilar edi.

Endi reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subektlariga ham mazkur tartib tatbiq etiladi.

Reytingning asosiy maqsadi – tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda qonunchilikda belgilangan me’yorlar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishiga undashdir.

Mavzuga oid