O‘zbekiston | 16:47 / 03.02.2024
15987
2 daqiqa o‘qiladi

«Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik parki loyihasi e’lon qilindi – fotolar

Buxoro shahri markazida joylashgan 32,6 gektar maydonda etnografik turizm markazi barpo etiladi.

Buxoro shahrida «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik parki barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Park hududidan etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos bo‘lgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar tamaddixonalari, an’anaviy drenaj tizimlari - ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalari o‘rin oladi.

Majmua markazida, shuningdek, musiqali favvora ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Etnografik park barpo etilishida xalqaro ekspertlar guruhi va mahalliy mutaxassislar jalb etiladi. Bu hududdagi barcha ishlar YuNeSKO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972 yil 16 noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosining muhofazasi bo‘yicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi.

 

«O‘z o‘rnida qayd etish kerakki, bu loyiha asosida mo‘ljallangan hududning uchdan ikki qismida Buxoro aholisi va mehmonlar sayr qilishi uchun muhtasham saylgoh (yashil bog‘) bunyodga kelishi mo‘ljallangan. Bunda loyiha hududida «Yashil Buxoro» dasturiga muvofiq ilgari tashkil etilgan maydondagi daraxtlar va yashillik qiyofasi to‘liq saqlab qolinadi hamda yangi bog‘ manzarasi sifatida yanada boyitiladi», deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

 

Mavzuga oid